Jamiyat | 13:00 / 16.02.2022
27463
2 daqiqa o‘qiladi

“Manzil”: Odamlardan olisda yashayotgan cho‘pon hikoyasi

“Manzil” loyihasi chekka hududlarda, halol mehnat ortidan rizq topayotgan oddiy insonlar hayoti haqida hikoya qilib kelmoqda. Endi intervyu formatida ham oddiy insonlar bilan suhbatlarni sizga taqdim etadi. Ilk suhbatdosh qahramonimiz – Namangan viloyati, Pop tumani, Chorkesar qishlog‘ida istiqomat qiluvchi usta cho‘pon Samandar To‘ychiyev.

Samandar aka tog‘-u toshlar orasida ulg‘aygan. U esini tanibdiki, qo‘y, echki boqadi. O‘zining aytishicha, bu echkilarning yungi qimmatbaho va juda talabgir. Shu sabab Chorkesar qishlog‘i atrofida bu turdagi echkilar ko‘p boqiladi.

Usta cho‘pon erta tongda echkilarini tog‘ tomon boshlaydi. Kuni bo‘yi 10-15 km yo‘l yuradi. Echkilar tog‘-u toshlarda kiyik kabi yurishini hisobga olganda, cho‘pon ham oddiy odam yurishga qiynaladigan yo‘llardan yurishiga to‘g‘ri keladi. Undan tog‘-toshlar orasida qanday adashmay yurishini so‘radik. “Bu yerlarda hech adashmayman. Tog‘lar orasida nima qayerda joylashgan, hammasini bilaman”, – deydi u.

Cho‘pon adirga tutash yerda qurilgan kichikkina uyda yashaydi. Uy oldida qo‘ra qurilgan. Echki va uloqchalarni cho‘ponning qo‘riqchi itlari qo‘riqlaydi.

Samandar To‘ychiyev podani boqish unga o‘zgacha zavq bag‘ishlashi, echkilari ko‘payayotganini, semirib, et olayotganini ko‘rsa xursand bo‘lishi haqida so‘zlab berdi.

Tohirjon Tursunov,
Boymirza Xalilov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus.

Mavzuga oid