Jamiyat | 09:48 / 20.02.2022
11627
4 daqiqa o‘qiladi

Bahor yaqin, ammo vodiydagi «metan zapravka»larda muammo o‘sha-o‘sha...

Vodiy ahli uchun qish doimo muammoli fasl bo‘lgan. Elektr ta’minotida uzilishlar, uyni isitish uchun tabiiy gaz muammosi hamda haydovchilar uchun eng og‘riqli masala hisoblangan «metan zapravka»lardagi uzundan-uzoq navbatlar.

Tan olish kerak, bu safargi kuz-qish mavsumida avvalgi yillarga nisbatan elektr ta’minotida birmuncha ijobiy o‘zgarish bo‘lgani sezildi. Elektr uzilishidan zada bo‘lgan fuqarolarning shikoyati avvalgi yillarga solishtirganda kamaydi.

Lekin «metan zapravka»lar bilan bog‘liq muammolarning o‘sha yerdagi navbatlar singari oxiri negadir ko‘rinmayapti...

Odamlar o‘rganib ham qolgan: har yili havo harorati keskin sovishi oldidan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining ish vaqtiga cheklovlar joriy etiladi. Kunning kechki va tungi vaqtlarida shoxobchalar ishlamaydi.

Hozirga kelib kunduz kunlari havo harorati ko‘tarildi. Sovuq havo harorati nisbatan chekindi. Shunga qaramay vodiydagi AGTKShlarda hali ham cheklovlar saqlanib qolmoqda.

Har yili dekabr oyi oxirigacha AGTKShlarda uzundan-uzoq navbatlar hosil bo‘lar, yanvar oyidan esa muammo bartaraf bo‘lib, «zapravka»lar odatdagidek ish rejimida faoliyatini davom ettirardi. Lekin bu yilgi kuz-qish mavsumida bunday bo‘lmadi. Hademay bahor ham kirib keladi. Hanuz AGTKShlarda navbat arigani yo‘q, cheklovlar olib tashlanmadi.

19 fevral kuni soat 15:00 lar atrofida ham Farg‘ona shahridagi aksariyat «metan zapravka»larning eshiklari allaqachon berkitilgandi. Kirakashlik ortidan kun ko‘ruvchi aksariyat haydovchilar ilojsizlikdan mashinasini zapravka eshigi yoniga qo‘yib ketgandi. Turnaqator navbatga duch kelmaslik uchun AGTKSh hududiga bir kun avval tashlab ketilgan mashinani shoxobchaga olib kirish oson. Eshik ochildi deguncha eng avvalo ichkariga ular kirishadi. 4-5 soatlab navbat kutib asabi buzilgandan ko‘ra, taksichilar tutgan yo‘l jo‘yali ko‘rindi.

Shoxobchalar tonggi soat 4:30-5:00 lar chamasida eshiklarini ochishi, soat 14:00 da esa berkilayotgani, mashinalarga 160-170 atmosfera bosimda gaz to‘ldirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Mana shu bosimda gaz to‘ldirish uchun ham soatlab navbatga turishga to‘g‘ri keladi.

Masalaning boshqa bir tomoni. 19 fevral kuni viloyatning aksariyat tumanlarida havo harorati 13 darajagacha ko‘tarildi. Lekin shunda ham «zapravkalar» ish soati cheklangani, ishlab turgan paytda ham soatlab navbatlar hosil bo‘lganini ko‘rish mumkin.

O‘tgan yili (yanvar oyi kirib kelishi bilan) havo harorati pasayib ketgan bo‘lsa-da, cheklovlar joriy qilinmagan edi. Bu holat ta’minotdagi ahvol yildan yilga ortga qarab ketayotganini anglatmaydimi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, vodiyga kiradigan bitta kompressordan xizmat qilayotgan quvurlar Namangan, Andijon, keyin Farg‘onaga keladi. Shu sabab Farg‘onada, ya’ni tizimning oxiridagi hududlarda qishda bosim past bo‘ladi.

Respublika bo‘yicha to‘rtta – Gazli (Qashqadaryo viloyati), Toshkent viloyati, Xo‘jaobod (Andijon viloyati) va So‘x (Farg‘ona viloyati) yirik gaz omborlari mavjud.

Xo‘jaobod gaz ombori vodiy viloyatlarini to‘liq gaz bilan ta’minlab bera olishi aytiladi. Ohangaron–Pungon magistral quvuridan, ya’ni Qamchiq dovonidan o‘tgan quvurdan kuniga o‘rtacha 19–20 million metr kub tabiiy gaz vodiy viloyatlaridagi iste’molchilarga berilishi ma’lum qilingan.

Har yili qish mavsumida vodiy viloyatlaridagi «metan zapravka»larida navbati kelishini kutib sovuqda qaltirab o‘tirgan haydovchilar haqida bot-bot material tayyorlanadi. Bizni o‘ylantirayotgani — masalaga daxldor vazirlik va tashkilotlar bu boradagi mavjud muammoni bartaraf qilish uchun qanday amaliy ishlar olib borayotganida. Nega ahvol yaxshilanishi o‘rniga yildan yilga ortga qarab ketmoqda?

Sarvar Ziyayev, jurnalist

Mavzuga oid