O‘zbekiston | 20:09 / 04.03.2022
6448
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston OTMlaridagi bo‘sh xona va inshootlar talabalarga bepul ajratiladi

O‘zbekistonda OTMlarda pullik o‘quv kurslari, to‘garaklar tashkil etgan talabalar daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida talabalarning daromad topishida tashkil etilishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab berdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar qildi.

Qayd etilishicha, OTMlardagi bo‘sh xona va inshootlarni talabalarga bepul ajratish orqali ularda pullik kurslar, to‘garaklar va boshqa xizmatlar hamda ishlab chiqarishlar tashkil etish kerakligi ta’kidlangan.

Prezident Farg‘ona davlat universiteti va Andijon qishloq xo‘jaligi institutini misol qilib keltirgan. Jumladan, FarDUda:

  • umumiy ovqatlanish va qurilish korxonalari tashkil etilib, ularda 125 nafar;
  • adras, milliy kiyimlar, kulolchilik sexlari, dorivor o‘simliklardan shifobaxsh damlamalar tayyorlashda 18 nafar;
  • «Do‘stlik», «Oqbilol» agrouchastkalari va Quvasoy shahridagi o‘quv poligonlarida chorvachilik, asalarichilik, gulchilik, anorchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik hamda biogumus yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, 36 nafar talabaning bandligi ta’minlangan.

Bandlik markazlari

Rektorlar OTMlarning yo‘nalishiga qarab, aholi va tadbirkorlarga pullik xizmatlar ko‘rsatib, 5 ming nafar talabaga qo‘shimcha daromad olish imkoniyatini yaratishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, OTMlarda:

  • qishloq xo‘jaligi va veterinariya yo‘nalishida issiqxona, bog‘dorchilik, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, hayvonlarni emlash;
  • xorijiy tillar yo‘nalishida – til o‘rgatish, turizm, tarjimonlik;
  • iqtisodiy yo‘nalishda – buxgalteriya, biznes rejalar ishlab chiqish, sug‘urta xizmatlari;
  • qurilish va arxitekturada – loyiha tayyorlash, dizaynerlik kabi pullik xizmatlarini yo‘lga qo‘yish mumkin.

Har bir oliygoh rektoriga Oliy ta’lim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Bandlik markazlarini tashkil etish topshirilgan. Har bir OTMda bo‘sh xona va inshootlarni talabalarga bepul ajratib, kamida 10 tadan pullik kurslar, maishiy va boshqa xizmatlarni tashkil etish vazifasi qo‘yilgan. Bu orqali 5 ming nafar talaba daromad keltiradigan ish bilan band bo‘ladi.

Soliq imtiyozlari

OTMlar hududida pullik o‘quv kurslari, sport to‘garaklari va boshqa xizmatlarni tashkil etgan talabalar daromad solig‘idan ozod qilinadi. Talabalarning oliygohlar hududidagi loyihalari uchun kredit resurslari ajratiladi. Rektorlar bir oy muddatda o‘z hududida talabalar bo‘sh vaqtida ishlab, daromad topishi uchun bittadan kovorking markazini tashkil etadi.

Rektorlar oldiga oliygohlardagi boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi lavozimlari bo‘yicha mavjud vakant joylarga 3 mingdan ziyod talabani ishga olish vazifasi qo‘yilgan.

Misol uchun, Toshkent tibbiyot akademiyasida 70 nafar talaba ish yurituvchi, kafedra laboranti, kutubxonachi, omborchi kabi lavozimlarda ishlamoqda.

«Hozir oliygohlardagi ko‘p lavozimlarga oliy ma’lumot bo‘lishi talab etiladi. Shu bois, istisno tariqasida, rektorlarga o‘z tizimidagi lavozimlarga talabani bilim va salohiyatidan kelib chiqib ishga joylashtirishga ruxsat etiladi», — deyiladi xabarda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid