Jamiyat | 18:52 / 08.03.2022
15081
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri bemor xotin-qizlar holidan xabar oldi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib, u yerda davolanayotgan xotin-qizlar holidan xabar oldi.

Vazir tashrif davomida bemor ayollar bilan suhbatlashib, ularni bayram bilan samimiy qutladi. Yurtimizda xotin-qizlar salomatligini asrash hukumatning alohida e’tiborida ekanini ta’kidlab, ularga xastalikdan tezroq sog‘ayib ketishlarini tiladi. Shundan so‘ng ayollarga vazirlikning bayram sovg‘alari topshirildi.

«Xotin-qizlarni e’zozlash, ularga g‘amxo‘rlik qilish barchamizning burchimiz. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, onani, ayolni rozi qilsak, xalq bizdan rozi bo‘ladi. Shu sababli bu yerda davolanayotgan har bir bemor, ayniqsa, ushbu dardga chalingan opa-singillarimiz biz uchun aziz va qadrli. Ularning xastalikdan tezroq sog‘ayishi va oilasi bag‘riga qaytishi uchun barcha choralarni ko‘ramiz», dedi vazir.

Davlat rahbarining 2021 yil 27 maydagi «Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorida ushbu markazning yangi binosini qurish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangandi.

Mazkur kompleks tarkibida zamonaviy operatsion blok, zarur diagnostika uskunalari bilan jihozlangan ko‘p funksiyali poliklinika, ilmiy tadqiqot va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun alohida ilmiy laboratoriya, shuningdek, bemorlarning qarindoshlari hamda yaqinlarini joylashtirish uchun mehmonxona kabi tuzilmalar o‘rin olishi ko‘zda tutilgan.

Markaz binosi 10 qavatli, 650 o‘rinli bo‘lib, 16 ta jarrohlik xonasi, reanimatsiya, davolash va tashxis bo‘limlaridan iborat bo‘ladi. Shuningdek, kuniga 100 nafar bemorga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega statsionar hamda 500 qatnovga mo‘ljallangan onkologiya konsultativ-diagnostika markazini qurish boshlangan.

Vazir tashrif davomida muassasada faoliyat olib borayotgan shifokor va hamshira opa-singillarimiz bilan ham uchrashib, ularni bayram bilan samimiy tabrikladi va sharafli hamda mas’uliyatli vazifalarida zafarlar tiladi. Qolaversa, bu yerda davolanayotgan bemorlar, xususan, xotin-qizlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid