Tovushdan tez uchuvchi samolyot: Afsonaviy «Konkord»ning parvozi nega taqiqlangandi?
2000 yil 25 iyul kuni Parij yaqinida tovushdan tez uchuvchi yo‘lovchi samolyoti qulab tushadi. Oqibatda 9 nafar ekipaj a’zosi, 100 nafar yo‘lovchi va samolyot qulab tushgan joyda bo‘lgan 4 kishi halok bo‘ladi. Oradan ko‘p o‘tmay bu turdagi samolyotlarning parvozi to‘xtatiladi va ular muzey eksponatlariga hamda ko‘rgazma obektlariga aylanadi.
Fuqaro aviatsiyasi tarixida juda ko‘p halokatlar sodir bo‘lgan. Ularda ko‘plab insonlar halok bo‘lgan. 2000 yil 25 iyul kuni Parij yaqinida qulab tushgan tovushdan tez uchuvchi «Konkord» samolyoti halokati ular orasida alohida ajralib turadi. Bu halokatdan so‘ng «Konkord» samolyotlarining parvozi to‘xtatiladi. Shu tariqa, 30 yil davomida yo‘lovchi tashigan afsonaviy samolyotlarning tarixiga nuqta qo‘yiladi.
Tovushdan tez uchuvchi «Konkord»
XX asrning ikkinchi yarmida fuqaro aviatsiyasi shiddat bilan rivojlana boshlaydi. Samolyotlarning uchish tezligi, yo‘lovchi sig‘imi oshib boraveradi. 1950-yillarga kelib 100 nafardan oshiq yo‘lovchi o‘rniga ega bo‘lgan samolyotlar yaratiladi. Undan keyin esa tovushdan tez uchadigan harbiy samolyotlar ortidan shu turdagi yo‘lovchi samolyotlar ham ishlab chiqariladi. Ana shunday havo kemalaridan biri «Konkord» samolyoti edi.
«Konkord» samolyotlarini yaratish bo‘yicha ishlar 1962 yilda boshlanadi. Buyuk Britaniyaning British Aircraft Corporation va Fransiyaning Sud Aviation kompaniyalari bu loyihani amalga oshirish uchun kelishuvga erishadi. Samolyotning eng muhim bo‘lagi bo‘lgan dvigatellarni Buyuk Britaniyaning Rolls-Royce va SNECMA kompaniyalari hamkorlikda tayyorlab berishadi.
1969 yilgacha yangi samolyotdan 20 dona tayyorlanadi va ulardan 9 donasi Buyuk Britaniyaning British Airways va Fransiyaning Air France kompaniyalariga sotiladi. Shuningdek, yana beshta samolyot har ikki aviakompaniyaga ramziy narx — 1 funt sterling va 1 frank qiymatda beriladi.
1969 yil «Konkord» samolyoti ilk sinov parvozini amalga oshiradi. Ushbu samolyotning boshqa yo‘lovchi samolyotlardan farqi uning tovushdan tez uchish imkoniyatiga egaligi edi. Bungacha faqat 1968 yilda SSSRda tovushdan tez uchuvchi Tu-144 yo‘lovchi samolyoti yaratilgan edi.
Buyurtmalar va ularning bekor qilinishi
«Konkord» samolyoti yaratilishi e’lon qilingandan bir yil o‘tib dunyoning ko‘zga ko‘ringan aviakompaniyalari unga buyurtma bera boshlashadi. Jumladan, 1966 yilgacha AQShning Pan American (1991 yilda o‘z faoliyatini to‘xtatgan), TWA (2001 yilda American Airlines bilan birlashgan), United Airlines, Continental Airlines, Avstraliyaning Qantas, Germaniyaning Lufthansa, Yaponiyaning JAL aviakompaniyalari, shuningdek, Air India, Air Canada, Iran Air va yana boshqa ko‘plab aviakompaniyalar «Konkord»dan bir nechtadan buyurtma berishadi. Ammo keyinchalik vaziyat o‘zgarib ketadi va «Konkord» yaratuvchilari noqulay vaziyatga tushib qolishadi.
1960-yillarning oxiri, 1970-yillarning boshida Yevropada «Konkord»ga raqobatchi o‘laroq Airbus samolyotlarini ishlab chiqarish boshlanadi. Shuningdek, dunyo fuqaro aviatsiyasi bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan AQShning Boeing kompaniyasi tejamkor va yo‘lovchi o‘rni ko‘p bo‘lgan samolyotlar ishlab chiqara boshlaydi. Ana shunday sharoitda yonilg‘i sarfi juda yuqori bo‘lgan «Konkord» samolyotlariga buyurtmalar to‘xtaydi.
1973 yil oktyabr oyida Arab-Isroil urushi tufayli Suvaysh kanali yopiladi. Shundan so‘ng Fors ko‘rfazi davlatlaridan Yevropaga tashilayotgan neft katta xarajatlar bilan Afrika janubi orqali olib kelina boshlanadi. Oqibatda Yevropada neft narxi oshib ketadi va yonilg‘i inqirozi boshlanadi.
Oqibatda qiyin vaziyatga tushib qolgan ko‘plab aviakompaniyalar yonilg‘i sarfi ancha yuqori bo‘lgan «Konkord»laridan ko‘ra boshqa kompaniyalarning tejamkor samolyotlarini sotib ola boshlashadi.
Buyurtmalarning bekor bo‘lishi sababli bozor kasod bo‘la boshlagach tayyor bo‘lgan 14 ta «Konkord» samolyotlaridan beshtasi British Airways va to‘rttasi Air France aviakompaniyasiga sotiladi. Sotilmay qolgan beshta «Konkord»ning ikkitasi British Airways va uchtasi Air France aviakompaniyasiga tekinga berib yuboriladi.
Shu tariqa har ikkala aviakompaniya 7 donadan «Konkord» samolyotlariga ega bo‘ladi va ulardan foydalana boshlaydi. Keyinchalik yig‘uv sexida bo‘lgan oltita samolyot ham tayyor holga keltiriladi va xaridor chiqmagach ular ham British Airways va Air France aviakompaniyalariga beriladi.
O‘shanda buyurtmalarning bekor qilinishiga samolyotlarning yasalishi kechikib ketgani ham sabab bo‘ladi. Masalan, AQShning Pan American aviakompaniyasi 6 ta samolyotga 1963 yilda buyurtma beradi. Ammo 1969 yilgacha ham aviakompaniyaga samolyotlarning dastlabkisi yetkazib berilmaydi. Shu sababli Pan American buyurtmalarni bekor qiladi. Qolganlar bilan ham shunday holat takrorlanadi.
«Konkord»ning reklama parvozlari
«Konkord»ga talab keskin tushib ketib, buyurtmalar bekor bo‘lgach uni ishlab chiqarayotganlar reklama parvozlarini amalga oshirishga qaror qilishadi. 1971 yilda 001 raqamli «Konkord» Tuluza-Rio-de-Janeyro-San-Paulu-Buenos Ayres yo‘nalishida muvaffaqiyatli parvoz qilib keladi.
1972 yilda esa 002 raqamli «Konkord» Fors Ko‘rfazi va Uzoq Sharq mamlakatlaridan 12 tasiga reklama parvozlarini amalga oshiradi. Jumladan, Gretsiya, Eron, Bahrayn, Hindiston, Birma, Singapur, Filippin, Yaponiya, Avstraliya, Saudiya Arabistoni va Livanga 45 ta qatnovni amalga oshiradi.
1973 yilda reklama parvozi bilan uchib, Venesuela poytaxti Karaksdan ortga qaytayotgan «Konkord» AQShning Dallas va Texas shaharlariga ham qo‘nib o‘tadi. So‘ng Vashingtonga ham parvoz qiladi va shu yerda amerikaliklarga «Konkord»ning tovushdan tez ucha olishini ko‘rsatishadi. Ammo bu ishlar ishlab chiqaruvchilarga hech qanday naf bermaydi, «Konkord» baribir aviakompaniyalar mehrini qozona olmaydi.
Garchi «Konkord»ni dunyo bo‘ylab reklama qilishgan bo‘lsa ham samolyotga buyurtmalar tushmaydi. Dvigatel shovqinining juda balandligi va yonilg‘i sarfining yuqoriligi samolyotning ommalashishiga to‘sqinlik qiladi.
Birinchi tijoriy parvoz
Garchi ilk sinov parvozi 1969 yilda amalga oshirilgan bo‘lsa-da, «Konkord»ning tijoriy parvozi juda kechikib ketadi. Nihoyat 1976 yil 21 yanvar kuni British Airways aviakompaniyasiga tegishli «Konkord» London-Bahrayn, Air France aviakompaniyasiga qarashli «Konkord» Parij-Dakar (Senegal poytaxti) yo‘nalishida ilk parvozni amalga oshiradi.
«Konkord» samolyoti uzoq masofalarga uchishga mos edi. British Airways va Air France aviakompaniyalari bu samolyot bilan asosan Yevropadan AQShning turli shaharlariga qatnovlarni amalga oshirishni mo‘ljallashadi.
Ammo kutilmaganda 1975 yil 18 dekabrda AQSh Kongressi Vakillar palatasi 6 oy muddatga mamlakat hududiga «Konkord»ning uchib kirishiga taqiq qo‘yadi. Samolyot dvigateli ovozining juda baland ekani bunga sabab bo‘ladi.
Shundan so‘ng ilk parvozni London-Nyu-York yo‘nalishida amalga oshirmoqchi bo‘lgan British Airways rejalarni o‘zgartiradi. Shu tariqa ilk parvoz Londondan Fors Ko‘rfazi davlatiga, Parijdan esa Senegal poytaxtiga amalga oshiriladi.
AQShda qo‘yilgan taqiq yakuniga yetishiga bir necha kun qolganda bu mamlakatda «Konkord»larning uchishini butunlay cheklash masalasi ham muhokama qilinadi. Ammo bu taklif qabul qilinmaydi va AQShdagi taqiq davri tugaydi.
1976 yil 24 may kuni London va Parijdan Vashingtonga muntazam qatnovlar amalga oshirila boshlanadi. Nyu-York meri esa yana bir yil «Konkord»ning bu shaharga uchishiga qarshilik qiladi. Faqat 1977 yil 22 noyabrga kelib «Konkord» bilan London va Parijdan Nyu-Yorkka doimiy qatnovlar boshlanadi.
O‘sha paytda British Airways aviakompaniyasi «Konkord» bilan Nyu-Yorkka har kuni bittadan, Air France esa haftasiga beshtadan parvozlarni amalga oshirgan.
Bundan tashqari, har ikkala aviakompaniya «Konkord» samolyotlari bilan AQShning bir necha shaharlariga, yana Rio-de-Janeyro, Karakas, Mexiko, Singapur, Dakar kabi shaharlarga parvozlarni amalga oshirgan.
Yonilg‘i sarfi ko‘p bo‘lgani uchun «Konkord» samolyotlarida uchish juda qimmat edi. Masalan, o‘sha paytda London – Nyu-York – London yo‘nalishida chipta narxi 10 500 dollar bo‘lgan. Ammo shunda ham samolyotlar doimo to‘la holda uchgan. Boylar, taniqli siyosatchilar va davlat mutasaddilari manzilga boshqa samolyotlardan ancha avval yetkazib qo‘yadigan «Konkord» samolyotlarida uchishni afzal ko‘rishgan.
Charter qatnovlar
British Airways va Air France aviakompaniyalari «Konkord» samolyotlaridan doimiy parvozlar bilan birga charter parvozlarda ham foydalanadi. O‘sha paytlarda bu samolyotdan charter parvozda ko‘plab taniqli boylar bilan birga, bir qancha mamlakat rahbarlari ham foydalanishgan.
Jumladan, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, Fransiya prezidentlari Valeri Jiskar hamda Fransua Mitteran, Zoir prezidenti Mobutu Seko ham «Konkord»ni ijaraga olib foydalanishgan.
Shuningdek, «Konkord» samolyotida parvoz qilishni xohlovchi shinavanda yo‘lovchilar ham ko‘p edi. Ular «Konkord»da uchishni yoqtirishardi. Ularga samolyotning tovush tezligida ucha olishi, uchish va qo‘nish paytidagi o‘ziga xos harakatlari qiziq tuyulardi. Shu sababli faqat «Konkord»da parvoz qilish uchun London yoki Parijga kelishardi.
Parijdagi fojia
2000 yil 25 iyul kuni Parijdagi Sharl de Goll aeroportidan Parij-Nyu-York yo‘nalishida parvoz qilgan «Konkord» halokatga uchraydi.
Air France’ga qarashli ushbu samolyot yuqori tezlikka erishib havoga ko‘tarilayotgan paytda uning chap tarafdagi dvigateli yona boshlaydi. Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagi chegarasidan chiqib ketgani uchun uni sekinlatish va to‘xtatishning iloji yo‘q edi.
Ekipaj samolyotni havoga ko‘tarib, so‘ng ortga qaytib qo‘ndirmoqchi bo‘ladi. Ammo havoga ko‘tarilgan samolyot aylanib olishga ulgurmay aeroportdan 4 kilometr uzoqlikdagi mehmonxona binosiga borib uriladi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 100 nafar yo‘lovchi, 9 nafar ekipaj a’zosi va halokat sodir bo‘lgan joyda bo‘lgan 4 kishi halok bo‘ladi.
Bu «Konkord» tarixidagi ilk halokat, tovushdan tez uchuvchi samolyotlar orasida esa ikkinchi halokat edi. Bungacha Aeroflotga tegishi Tu-144 samolyoti ham Parij yaqinida halokatga uchragan edi.
«Konkord»lardan foydalanishning to‘xtatilishi
Garchi, bu «Konkord» samolyotlari bilan sodir bo‘lgan ilk halokat bo‘lsa ham, Parijda hodisadan so‘ng Air France «Konkord» samolyotlarining parvozini to‘xtatadi. British Airways esa halokatdan bir kun o‘tib ulardan foydalanishda davom etishini ma’lum qiladi.
2000 yil 16 avgust kuni AQShda «Konkord»larning parvozga yaroqlilik sertifikati bekor qilinadi va ularning bu mamlakatga parvozlari butunlay to‘xtatiladi. Shundan so‘ng Nyu-York shahrida bo‘lib turgan «Konkord» ortga yo‘lovchilarsiz qaytib keladi.
2001 yilda Air France va British Airways aviakompaniyalari o‘z samolyot parklarini yangilashni boshlashadi. Shu bilan birga 2001 yil 5 sentyabr kuni parvozga yaroqlilik sertifikati tiklanadi. O‘sha yili 7 noyabr kuni «Konkord» yana Londondan Nyu-Yorkka parvoz qilishni boshlaydi.
«Konkord»ga AQShga parvoz qilishga ruxsat berilgani bilan orada yana bir necha marta ushbu samolyot bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklar bo‘lib o‘tadi. Jumladan, 2002 yil 27 noyabrda ulardan birining boshqaruv tizimidan moy oqib ketadi. 2003 yil 18 fevral kuni yana birining dvigatelida nosozlik yuzaga keladi.
2003 yil 10 aprelda Air France va British Airways «Konkord» samolyotlarining parvozini butunlay to‘xtatishlari haqida e’lon qilishadi. So‘nggi tijoriy parvoz 24 oktyabr kuni amalga oshiriladi. 2003 yil 26 noyabr kuni esa British Airways aviakompaniyasiga tegishli «Konkord» Bristoldagi Filton aeroportigacha uchib boradi. Shundan so‘ng «Konkord»lar parvozi butunlay to‘xtatiladi. Shu tariqa, XX asrda afsonaviy samolyotlardan biri bo‘lgan «Konkord» muzey eksponatlariga va ko‘rgazma obektlariga aylanadi.
«Konkord» haqida qiziqarli ma’lumotlar
Eng kuchli dvigatellar
«Konkord» dvigatellari fuqaro aviatsiyasida foydalanilgan samolyotlar orasida eng kuchlisi bo‘lgan. Samolyotga jami to‘rtta dvigatel o‘rnatilgan bo‘lsada aksariyat hollarda uchuvchilar uning ikkitasidan foydalanishgan.
Eng qimmat samolyot
O‘z davrida «Konkord» dunyodagi eng qimmat samolyot bo‘lgan. Uning bir donasi 200 million dollarga baholangan. O‘sha paytda bu pulga bir necha harbiy samolyot va ikkita yo‘lovchi samolyot xarid qilish mumkin bo‘lgan.
Eng ommabop samolyot
«Konkord» samolyotlari o‘z davrida aviatexnika bozorida inqilob qila olgan. Shu sababli u yo‘lovchilar orasida juda ommabop bo‘lgan. Odamlar shunchaki «Konkord»da uchish uchun boshqa mamlakatlarga sayohat qilishgan.
Juda yuqori tezlik
Tovushdan tez uchuvchi «Konkord» samolyotlari o‘z tezligini soatiga 2150 kilometrgacha chiqara olgan. Bu paytda samolyotning fyuzelyaji 127 gradusgacha qizigan. Ana shu tezlik hisobiga u Londondan Nyu-Yorkkacha bo‘lgan masofani 3 soat 20 minutda uchib o‘tgan. Oddiy samolyotlar bu masofani 7-8 soatlarda uchib o‘tadi.
O‘zgaruvchan kabina
«Konkord» samolyotlarining yana bir o‘ziga xos xususiyati – bu uchuvchilar kabinasining o‘zgaruvchanligi edi. Uchuvchilar samolyotning uchish va qo‘nishi paytida kabinani o‘zlariga moslab o‘rnini o‘zgartira olishgan.
Eng kuchli tormoz tizimi
«Konkord» samolyotlari eng kuchli tormoz tizimiga ega bo‘lgan. Tovushdan tez uchuvchi samolyot qo‘nish paytida muammolarga duch kelmasligi unga eng kuchli tormoz tizimi o‘rnatilgan.
Eng mukammal avtomatik boshqaruv tizimi
Dunyodagi ilk avtomatik boshqaruv tizimi «Konkord» samolyotlariga o‘rnatilgan. O‘sha paytda u dunyodagi eng mukammal avtomatik boshqaruv tizimi edi. Boshqa samolyotlar bunday tizimni keyin o‘rnata boshlagan.
O‘ziga xos shassi
«Konkord» samolyotlarining parvozida eng murakkab jarayon samolyotni qo‘ndirish bo‘lgan. Katta tezlikda uchish-qo‘nish yo‘lagiga tushgan samolyotni to‘xtatishda kuchli tormoz tizimidan tashqari uning shassilari ham katta rol o‘ynagan. Shu sababli uning dum qismiga qo‘shimcha shassi o‘rnatilgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
14:01 / 15.11.2024
Lavrov samolyotiga xorijda yonilg‘i quyishdan bosh tortishayotganidan shikoyat qildi
21:10 / 10.11.2024
Toshkentdan Jiddaga uchgan samolyot ortga qaytishga majbur bo‘ldi
12:02 / 02.11.2024
Myunxendan Shanxayga uchayotgan samolyot Toshkentga favqulodda qo‘ndi
11:56 / 02.11.2024