Fuqaro aviatsiyasi tarixida juda ko‘p halokatlar sodir bo‘lgan. Ularda ko‘plab insonlar halok bo‘lgan. 2000 yil 25 iyul kuni Parij yaqinida qulab tushgan tovushdan tez uchuvchi «Konkord» samolyoti halokati ular orasida alohida ajralib turadi. Bu halokatdan so‘ng «Konkord» samolyotlarining parvozi to‘xtatiladi. Shu tariqa, 30 yil davomida yo‘lovchi tashigan afsonaviy samolyotlarning tarixiga nuqta qo‘yiladi.

Foto: zazzle.com

Tovushdan tez uchuvchi «Konkord»

XX asrning ikkinchi yarmida fuqaro aviatsiyasi shiddat bilan rivojlana boshlaydi. Samolyotlarning uchish tezligi, yo‘lovchi sig‘imi oshib boraveradi. 1950-yillarga kelib 100 nafardan oshiq yo‘lovchi o‘rniga ega bo‘lgan samolyotlar yaratiladi. Undan keyin esa tovushdan tez uchadigan harbiy samolyotlar ortidan shu turdagi yo‘lovchi samolyotlar ham ishlab chiqariladi. Ana shunday havo kemalaridan biri «Konkord» samolyoti edi.

«Konkord» samolyotlarini yaratish bo‘yicha ishlar 1962 yilda boshlanadi. Buyuk Britaniyaning British Aircraft Corporation va Fransiyaning Sud Aviation kompaniyalari bu loyihani amalga oshirish uchun kelishuvga erishadi. Samolyotning eng muhim bo‘lagi bo‘lgan dvigatellarni Buyuk Britaniyaning Rolls-Royce va SNECMA kompaniyalari hamkorlikda tayyorlab berishadi.

1969 yilgacha yangi samolyotdan 20 dona tayyorlanadi va ulardan 9 donasi Buyuk Britaniyaning British Airways va Fransiyaning Air France kompaniyalariga sotiladi. Shuningdek, yana beshta samolyot har ikki aviakompaniyaga ramziy narx — 1 funt sterling va 1 frank qiymatda beriladi.

Foto: kolyan.net
Foto: kolyan.net

1969 yil «Konkord» samolyoti ilk sinov parvozini amalga oshiradi. Ushbu samolyotning boshqa yo‘lovchi samolyotlardan farqi uning tovushdan tez uchish imkoniyatiga egaligi edi. Bungacha faqat 1968 yilda SSSRda tovushdan tez uchuvchi Tu-144 yo‘lovchi samolyoti yaratilgan edi.

Buyurtmalar va ularning bekor qilinishi

«Konkord» samolyoti yaratilishi e’lon qilingandan bir yil o‘tib dunyoning ko‘zga ko‘ringan aviakompaniyalari unga buyurtma bera boshlashadi. Jumladan, 1966 yilgacha AQShning Pan American (1991 yilda o‘z faoliyatini to‘xtatgan), TWA (2001 yilda American Airlines bilan birlashgan), United Airlines, Continental Airlines, Avstraliyaning Qantas, Germaniyaning Lufthansa, Yaponiyaning JAL aviakompaniyalari, shuningdek, Air India, Air Canada, Iran Air va yana boshqa ko‘plab aviakompaniyalar «Konkord»dan bir nechtadan buyurtma berishadi. Ammo keyinchalik vaziyat o‘zgarib ketadi va «Konkord» yaratuvchilari noqulay vaziyatga tushib qolishadi.