O‘zbekiston | 23:28 / 14.03.2022
20336
2 daqiqa o‘qiladi

«Ural airlines» aviakompaniyasi O‘zbekiston shaharlariga uchishda muammoga duch keldi

Rossiyaning «Ural airlines» («Uralskiye avialinii») kompaniyasi bugun Rossiya shaharlaridan O‘zbekistonga parvozlarni vaqtincha amalga oshira olmay qoldi.  

Foto: airliners.net

14 mart kuni «Ural airlines» Sankt-Peterburgning Pulkovo aeroportidan Buxoroga (uchish soat 9:00 da), Moskvaning Jukovskiy aeroportidan Namanganga (uchish soat 22:30 da), Mineralniye Vodidan Samarqandga (uchig soat 23:15 da), Moskvaning Domodedovo aeroportidan Urganchga (uchish soat 23:30 da) parvozlari rejalashtirilgan edi. Biroq aviakompaniyaning onlayn tablosida O‘zbekistonga barcha parvoz vaqtlari 15 martga surilgan.

Endi Buxoroga parvoz 28 soat kechikish bilan, Namanganga 14 yarim soat, Samarqandga qariyb 14 soat, Urganchga 13 yarim soat kechikish bilan tashkil etiladi. Qaytib uchib ketish ham 13–18 soatga surilgan.

Novosti Tashkenskogo neba rus aviakompaniyasidagi manbalariga tayanib xabar berishicha, reyslarni amalga oshirishdagi uzilish amalda bo‘lib turgan parvozga yaroqlilik sertifikatlarining yo‘qligidir. Dushanbaga o‘tar kechasi Bermud orollari aviatsiya hokimiyati Rossiya Federatsiyasining shu davlatda ro‘yxatga olingan 700 dan ortiq samolyotlarining parvozga yaroqlilik sertifikatlarini to‘xtatdi. «Ural airlines»ning 52 ta samolyotdan iborat aviaparki Bermud orollarida ro‘yxatga olingan, shuningdek xorijiy lizingga beruvchilardan ijaraga olingan. Ular mart oyining so‘ngiga qadar Ural aviatashuvchisining barcha samolyotlarini qaytarib olishlari kerak.

Avvalroq samolyotlari xorijda ro‘yxatga olingan Rossiya aviakompaniyalarining to‘xtatilgan parvozga yaroqlilik sertifikatlari qanday oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligi haqida hikoya qilgan edik.

Keyin, Rossiya prezidenti Vladimir Putin fuqaro aviatsiyasini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qonunni imzolagani haqida xabar bergan edik. Bu qonunga ko‘ra, Rossiya aviakompaniyalari lizing asosida foydalanadigan xorij samolyotlariga bo‘lgan huquqlarni o‘zlariga rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid