O‘zbekiston | 07:33 / 19.03.2022
21627
3 daqiqa o‘qiladi

Ohangaron tumani hokimligi xodimi 20 ming dollar bilan ushlandi

Foto: DXX

Toshkent, Namangan va Buxoro viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.

Prezidentning «Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 2021 yil mahalliy MChJga investitsiya kiritish sharti asosida ko‘p qavatli turar joylar, kottejlar hamda madaniy va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurish uchun tuman hududidan 4 gektar yer ajratib berilgan.

Toshkent viloyatida yashovchi, 1964 va 1970 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zlariga tegishli bo‘lmagan ushbu 4 gektar yerni unga 800 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 100 ming dollar olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi. 

Toshkent viloyatida kuzatilgan yana bir holatda esa Ohangaron tumani hokimligi xodimi tog‘li hududdan 500 gektar yaylov yer maydonini elektron auksion savdoda yutib, hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga, xaridordan talab qilingan 35 ming AQSh dollaridan 20 ming dollarini avans sifatida olgan vaqtida ushlandi.

DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Kosonsoy davlat o‘rmon xo‘jaligining nazoratchisi mazkur xo‘jalikka tegishli 85 sotix yer maydonini 49 yilga ijara shartnomasini tendersiz yutib berish evaziga 55 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Buxoro viloyatida qayd etilgan holatda Qorako‘l davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimi mahalliy MChJga tegishli 5 gektar va boshqa bir fuqaro boshqaruvidagi fermer xo‘jalikning 3 gektar, jami 8 gektar yer maydonini 16 ming AQSh dollari evaziga mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, kelishilgan pulni olgan vaqtida DXX va Departamentning viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi. 

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid