Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Finlandiya Rossiya bilan poyezd qatnovini to‘xtatadi
Yevropa ishlari va mulkni boshqarish vaziri Tyutti Tuppuraynen bundan buyon Allegro poyezdidan foydalanish «maqsadga muvofiq emas»ligini bildirgan.
Finlandiya 28 martdan boshlab Xelsinki va Sankt-Peterburg o‘rtasida qatnovchi Allegro tezyurar poyezdlari qatnovini to‘xtatadi. Bu haqda Finlandiyaning VR Group temiryo‘l konserni vakillari ma’lum qildi.
«Rossiyadan ketishni istaganlar uchun oxirgi bir necha hafta davomida yetarlicha vaqt bo‘ldi. Endi sanksiyalar fonida xizmat ko‘rsatishni vaqtincha to‘xtatamiz», — dedi VR Group katta vitse-prezidenti Topi Simola.
Ma’lumot berilishicha, 27 mart kuni Xelsinkidan Sankt-Peterburgga ertalabki poyezd yo‘l oladi, kunduzgi reys esa bekor qilinadi. Yakshanba kuni Sankt-Peterburgdan jo‘naydigan poyezd jadval bo‘yicha harakatlanadi.
Helsingin Sanomat nashrining yozishicha, Finlandiyaning Yevropa ishlari va mulkni boshqarish vaziri Tyutti Tuppuraynen VR Group konserniga yo‘llagan maktubida bundan buyon Allegro poyezdidan foydalanish «maqsadga muvofiq emas»ligini bildirgan.
Uning qayd etishicha, RJD kompaniyasi YeI sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.