O‘zbekiston | 11:38 / 27.03.2022
2654
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda qalbaki pul yasagan shaxsga hukm o‘qildi

Xorazm viloyati, Gurlan tumanida istiqomat qiluvchi I.Q. o‘z uyidagi printerda qalbaki banknota yasab, bir qismini o‘tkazmoqchi bo‘lgani uchun qamaldi.

Gurlan tumanida yashovchi, muqaddam bir necha bor sudlangan I.Q. 2021 yil sentabr oyida o‘z uyidagi printerda 1000 so‘mlik, 2000 so‘mlik va 10000 so‘mlik kupyuradagi pullarni oddiy oq qog‘ozga nusxalagan. Pullar chiroyli bo‘lib nusxalanganini ko‘rgach, 1000 so‘mlik kupyuradan 1425 dona, 2000 so‘mlik kupyuradan 69 dona va 10000 so‘mlik kupyuran 403 dona nusxalab, ularni tekis qilib kesib chiqqan. Umumiy miqdorda 5 mln 593 ming so‘mlik qalbaki banknota yasab olgan.

So‘ngra, shu yilning noyabr oyida turmush o‘rtog‘i bilan Hazorasp tumanidagi bozorga borib, 3 mln 600 ming so‘mlik savdo qilib, sotuvchiga qalbaki pullarni bergan. 

Sotuvchi ayol pullarning haqiqiy ekanidan shubhalanib, darhol IIB xodimlariga xabar bergan. Shundan so‘ng I.Q. ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumani sudi qalbaki pullarni yasash bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqib, I.Q.ga 3 yil 1 oy ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan.

Mavzuga oid