Samarqanddagi park xo‘jako‘rsin uchun tenderga qo‘yilganmi?
«Yoshlik» madaniyat va istirohat bog‘ida ko‘p yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan tadbirkorlar parkning davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa tadbirkorga berib yuborilishi natijasida ishsiz qolishayotganini bayon qilishdi.
Kun.uz ko‘p yillardan buyon istirohat bog‘ida attraksionlarni ishlatib kelgan tadbirkorlar va DXSh loyihasini yutib olgani aytilayotgan jamiyat vakili bilan suhbatlashdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahridagi ushbu bog‘ 2019 yil 10 maydagi «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 26 apreldagi «Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori asosida 2021 yilning 13 dekabr kuni tenderga qo‘yilgan.
Bu haqdagi e’lon Madaniyat vazirligi hamda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligining saytiga joylashtirilgan. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, Madaniyat vazirligiga xususiy tashabbuskor «KIT AUTO» MChJ tomonidan tashabbus taklifi, shu jumladan, loyiha konsepsiyasi taqdim etilgan.
«KIT AUTO» MChJ direktori o‘rinbosari Farhod Abduqodirov 45 kun davomida ushbu loyihaga boshqa da’vogarlar chiqmagani uchun tender o‘tkazilmagani, natijada vazirlik bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitim tuzilganini aytmoqda. Abduqodirovga ko‘ra, u ishlab turgan jamiyat bog‘da qurilish, jihozlash va obodonlashtirish ishlari uchun 10 mlrd so‘m mablag‘ sarflashi kerak.
Abduqodirov kelgusida park hududini o‘z hisobidan to‘liq attraksionlar bilan qamrab ololmasligini yashirmadi. Ishlar yakunlangach, parkda shu vaqtgacha faoliyat olib borgan tadbirkorlar bilan hamkorlik qilishi mumkinligini ma’lum qildi. U garchi tadbirkorlar 2022 yilda ham ijara shartnomasi asosida ishlab turishini bizga aytgan bo‘lsa-da, bog‘ni 23 martgacha bo‘shatib qo‘yishni so‘rab, allaqachon tadbirkorlarga ogohlantirish xati yuborilgan.
Tadbirkorlar parkni obod qilish uchun ko‘proq mablag‘ tikmoqchi
Madaniyat va istirohat bog‘ida shu vaqtga qadar ishlab kelayotganlar yuqoridagi jarayonlarga e’tiroz bildirib, tender qoidalari shaffof o‘tmaganini aytmoqda.
2010 yildan beri shu yerda faoliyat olib borayotgan Bahriddin Faxriddinov 2021 yilda istirohat bog‘ini DXSh asosida olish maqsadida Samarqand shahar hokimligi, viloyat madaniyat boshqarmasi, bog‘ rahbariga bir necha marta murojaat qilinganini aytmoqda. Uning aytishicha, negadir har safar bog‘ DXSh asosida tenderga qo‘yilmasligi ma’lum qilingan. Ammo «KIT AUTO» MChJ tashabbus bilan chiqqanidan xabar topishgach, bog‘ direktori Javohir Shokirovga yana murojaat qilingan. Park rahbari bu safar ham tadbirkorlarni xavotirga berilmaslikka chaqirgani, eski holatda ishlar davom etaverishiga ishontirganini bildirdi.
Bahriddin Faxriddinov 10 milliard emas, 20 milliard sarflab, bog‘ni obod qilishga qodir bo‘lgan tadbirkorlar shu yerning o‘zida borligini iddao qildi.
Alisher Ibragimov 2017 yilda Xitoydan bitta attraksionni olib kelib o‘rnatgani va bu uchun 56 ming AQSh dollari sarflaganini aytmoqda. O‘sha yili undan bog‘ning obodonchiligi uchun ham 25 million so‘m ko‘chirib berish so‘ralgan. Ibragimovga ko‘ra, tadbirkorlarning deyarli barchasi goh obodonchilik, goh homiylik ko‘rinishida bog‘ ma’muriyatiga yordam berib keladi.
Tadbirkor Shuhrat Hamidovning aytishicha, so‘nggi yillarda bog‘da biror marta baxsiz hodisa sodir bo‘lmagan. Shunday bo‘lsa-da, u bir oy muqaddam Toshkent shahridan Sanoat xavfsizligi nazorati bo‘yicha mas’ullar kelib, hech qanday moslamasiz, attraksionlarni ko‘zdan kechirgan va ularning barchasini yaroqsizga chiqarib ketganini aytmoqda.
Qolaversa, 2020-2021 yillarda koronavirus pandemiyasi tufayli mavsumda yetarli tarzda faoliyat ko‘rsata olmay, daromaddan quruq qolgan tadbirkorlar endi xavotirlar bosilganda hamma narsadan mosuvo bo‘lay deb turishganini aytishmoqda.
«Yoshlik» madaniyat va istirohat bog‘i direktori Javohir Shokirovga ko‘ra, bog‘ xo‘jalik hisobida bo‘lib, doimiy 4-5 nafar ishchi-xodim faoliyat olib boradi. Shokirov o‘ziga ham ushbu istirohat bog‘i hech qanday tenderga qo‘yilmasligi haqida viloyat madaniyat boshqarmasi xabar berganini yashirib o‘tirmadi.
Shu vaqtga qadar bog‘da yuzdan ortiq tadbirkorlar faoliyat olib borib, ular orasida elektr energiyasi, maishiy chiqindilardan tashqari har mavsumda o‘rtacha 10 million so‘mgacha ijara to‘lov qilib kelganlar bor. Qolaversa, attraksion olib kirgan tadbirkor majburiy-ixtiyoriy homiylik qilishga majbur. Shunday bo‘lishiga qaramay, bog‘ ta’mirtalab bo‘lib qolishi, ochig‘i, mantiqqa zid. Nahotki, tadbirkorlardan tushgan shuncha mablag‘ faqat to‘rt-besh nafar xodimning oylik maoshiga sarf qilingan bo‘lsa?
Vazirlik ortiqcha mablag‘dan qochib OAVda e’lon bermaganini aytmoqda
Darvoqe, Madaniyat vazirligi hamda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi saytida joylashtirilgan e’lon mana, bir necha oy o‘tibdiki 500-600 kishi tomonidan ko‘rilgan. Tadbirkorlar vaziyatdan xabardor bo‘lishi uchun hech qanday harakat qilinmagan, aksincha, xabar topganlarga tender nomiga o‘tkazilyapti, xavotirga o‘rin yo‘q, deyilgan.
Vaholanki, yuzlab tadbirkorlar ishlab turgan parkning kirish qismiga ham shu mazmundagi e’lonni ilib qo‘yish yoki biror OAV orqali xabar berish ham mumkin edi. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining «Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorida ham tender o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lon ommaviy axborot vositalarida yoritilishi ko‘zda tutilgan. Samarqandda esa bu e’lon rasmiyatchilik uchun qo‘yilgani aytilib, haqiqiy holat yashirilgan bo‘lishi mumkin.
Kun.uz Madaniyat vazirligidan olgan munosabatga ko‘ra, «Yoshlik» madaniyat va istirohat bog‘i DXShga berilishidan oldin ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan. Natijada bog‘ qarovsiz va og‘ir holatda ekanligi, zamon talabiga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan. Tizimdagi madaniyat markazlari va istirohat bog‘larini DXSh asosida tadbirkorlarga berish amaliyoti samarali ekanligi aytilgan.
Shuningdek, «KIT AUTO» MChJ tashabbus bilan chiqqani va e’lon Madaniyat vazirligi hamda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi saytlarida hech qanday cheklovsiz, ochiq turgani ma’lum qilindi. Qo‘shimcha mablag‘ talab etilishini hisobga olib va bu ixtiyoriy bo‘lganligi sababli boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon berilmagan.
Ayni vaqtda vazirlik saytida Oqqo‘rg‘on va Past Darg‘om tumanlaridagi madaniyat va istirohat bog‘lari bo‘yicha ochiq e’lon turgani va tadbirkorlar bilan hamkorlik qilish taklifi ma’lum qilindi.
Madaniyat vazirligi Samarqand shahridagi “Yoshlik” madaniyat va istirohat bog‘ida faoliyat olib borgan tadbirkorlarning e’tirozini asossiz, deya baholadi. Vazirlik munosabatida Samarqand viloyat madaniyat boshqarmasiga hech qanday topshiriq berilmagani va holat bo‘yicha tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yilmagani aytilgan.
Tadbirkorlar Samarqand viloyat madaniyat boshqarmasi sobiq boshlig‘i e’lon xo‘jako‘rsinga joylashtirilgani, park DXSh asosida berilmasligini aytganini iddao qilmoqda. Park rahbari Javohir Shokirov ham bu fikrni tasdiqladi. Biroq madaniyat boshqarmasiga yaqinda tayinlangan rahbar Shahzod Eshonqulovdan bu holatga izoh olishning imkoni bo‘lmadi.
Xulosa qilish mumkinki, har qanday tanlovni o‘tkazishdan maqsad eng qulay va maqbul variantni qabul qilishdir. Vaziyatga qarab avval ishlab turgan tadbirkorlarning o‘zidan taklif olish ma’qul yo‘l emasmi?
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024