O‘zbekiston | 15:25 / 30.03.2022
16995
3 daqiqa o‘qiladi

Uzcard yangicha to‘lov kartalari chiqaradi

Yangi tipdagi kartani ochtirish uchun bor-yo‘g‘i 5 daqiqa vaqt talab qilinadi. Shuningdek, ularda Humo kartalari kabi kontaktsiz to‘lov funksiyasi (NFC) ham bo‘ladi.

Foto: Uzcard

Uzcard NFC texnologiyasidan foydalangan holda kontaktsiz to‘lovni qo‘llab-quvvatlaydigan yangi turdagi kartalarni taqdim etadi. Bu haqda «Yagona umumrespublika protsessing markazi» MChJda o‘tkazilgan matbuot anjumanida qilindi.

Ta’kidlanishicha, yangi turdagi kartani faollashtirish uchun mijoz bank bilan bog‘langan paytdan boshlab taxminan 5 daqiqa vaqt talab etiladi. Oldingi holatda fuqarolar karta olishlari uchun bankka ariza bilan chiqishi va 2-3 kun davomida kutishiga to‘g‘ri kelardi.

«Yangilanish haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, birinchi navbatda kontaktsiz to‘lovni qo‘llab-quvvatlash tizimiga o‘tilyapti. Bundan tashqari, yangi kartalar kobeyjing ko‘rinishida, boshqa to‘lov tizimlari: Mir, Visa, Mactercard yoki Union Pay bilan integratsiyalashgan ko‘rinishda ham chiqariladi. Ulardan ham O‘zbekistonda, ham xorijda birday foydalanish mumkin. Yana bir qulay tomoni shundaki, yangi kartalar bilan avtobus yoki metroda kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati mavjud. Kartalarning oldingi barcha funksiyalari va qulayliklari saqlab qolinadi, shuningdek, ham Humo bankomatlaridan, ham Uzcard bankomatlaridan naqd pul yechib olish imkoniyati mavjud bo‘ladi», deya ma’lumot berdi O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki mahsulotlar sotuvi bo‘limi boshlig‘i Javlon Nazarov.

Kobeyjing kartalari bu – bir necha, odatda, ikkita to‘lov tizimi uyg‘unligida xizmat ko‘rsatuvchi bank kartalari. Ya’ni u xuddi odatiy kartaga o‘xshaydi, farqi – undan har ikki to‘lov tizimi infratuzilmasida foydalanish mumkin ekanida, ya’ni mahalliy va xorijiy.

Shuningdek, Uzcard karta raqamlari boshlanishidagi «8600» raqam juftligi «5614»ga almashtiriladi. Agar karta kobeyjing Uzcard-Union Pay bo‘lsa, karta «6262» raqam juftligi bilan boshlanadi.

Mavzuga oid