O‘zbekiston | 17:19 / 31.03.2022
22367
4 daqiqa o‘qiladi

«Hokim va prokurorlar qayoqqa qaragan?» - prezident shakarga «ajiotaj» haqida

Bozordagi narx-navoning kundalik ahvoli bo‘yicha zarur tezkor choralarni ko‘rib borish bilan shug‘ullanadigan Respublika shtabi tuziladi. Unga bosh vazir rahbarlik qilib, viloyat hokimlari va tegishli vazirlar a’zo bo‘ladi.

«Hozir dunyoda juda murakkab davr davom etyapti. Har kuni yangi sinovlar bilan to‘qnash kelyapmiz. 

Lekin, bu – ertaga nima bo‘ladi deb, kutib o‘tirish kerak, degani emas. Muammolarni tezkor aniqlab, hal qilish va yangi imkoniyatlarni izlab topishimiz zarur», dedi prezident.

Qoraqalpog‘iston, Andijon, Surxondaryoda tadbirkorlarning muammolarini ichiga kirib, ko‘p takliflar tayyorlangani qayd etilib, qolgan viloyatlarning harakati sust, tashabbus va tahlil yo‘qligi tanqid qilindi.

Masalalarni doimiy tahlil qilish va tezkor choralarni ko‘rib borish maqsadida Bosh vazir boshchiligida kundalik ishlaydigan Respublika shtabi tashkil etiladi. Ushbu shtabga viloyat hokimlari va tegishli vazirlar ham a’zo bo‘ladi.

Shtab oldiga bozordagi narx-navoni kundalik ahvoli bo‘yicha zarur tezkor choralarni ko‘rib borish vazifasi qo‘yildi.

Prezident mart oyi boshida kuzatilgan shakarga «ajiotaj» mavzusiga to‘xtaldi.

«Ayrim hududlarda shakar narxi asossiz oshgan. Ayniqsa Jizzax, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida mavjud zaxiralar o‘z vaqtida tarqatilmagani sababli, shakar narxi keskin oshgan. 

Savol tug‘iladi. Ushbu hududlarning hokimlari va prokurorlari qayoqqa qaragan?» dedi prezident.

Shuning uchun viloyat, shahar va tuman hokimlari har kuni o‘z hududidagi oziq-ovqat, ayniqsa un, shakar va yog‘ning narxini  joylarda yurib o‘rganadi va barqarorlikni ta’minlash uchun tezkor tadbirlarni ko‘rib boradi.

Ayniqsa kirib kelayotgan Ramazon oyida narxlarning barqarorligini ta’minlash uchun tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatib, narxlarni arzonlashtirish bu ulug‘ ayyom kunlarida katta savob ekanligini barcha tadbirkorlarga tushuntirishlari kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Respublikaga chetdan bug‘doy, o‘simlik yog‘i va shakarni olib kelish bo‘yicha barcha masalalar hal qilib berilgani, endi buni aql bilan samarali tashkil etish kerakligi ta’kidlandi.

Ko‘rsatilgan tezkor amaliy yordam sababli bozorlarda go‘sht, sut, kartoshka, tuxum, guruch narxlari barqarorligi saqlanmoqda.

«Demak, harakat qilsak, albatta natija bo‘ladi», dedi prezident.

Davlat rahbari Respublika shtabiga quyidagilarni topshirdi:

  • zarur oziq-ovqat mahsulotlari importi uchun avval berilgan 500 milliard so‘m imtiyozli resurslarning qaytarish muddati yil yakuniga qadar uzaytirilsin;
  • bir hafta muddatda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi barcha tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning yuzaga kelgan muammolarini kundalik hal etish tizimi joriy etilsin;
  • birja savdolarida oziq-ovqat va xomashyoning to‘liq qo‘yilishi ustidan kunlik nazorat o‘rnatsin va sun’iy ravishda narx oshishining oldini olish bo‘yicha tezkor choralarni ko‘rib borsin;
  • uch kun muddatda shakar, un, yog‘, go‘sht, choy, bolalar ovqatlari, sut mahsulotlari kabi oziq-ovqat mahsulotlari importiga aksiz solig‘i va bojxona bojlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha asoslangan taklif kiritsin.

Mavzuga oid