Jahon | 16:43 / 17.04.2022
16793
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR Yapon dengizi tomon yana ikki snaryad uchirdi

Pxenyandagilar taktik yadro quroli samaradorligini oshiradigan yangi tipdagi boshqariluvchi raketalar sinovi o‘tkazilganini xabar qildi.

Shimoliy Koreya taktik yadro qurolidan foydalanish samaradorligini oshirish salohiyatiga ega bo‘lgan boshqariladigan raketalar sinovini o‘tkazdi. Bu haqda 17 aprel kuni Koreya Markaziy telegraf agentligi (KCNA) xabar tarqatdi.

Markaziy telegraf agentligi xabarida yangi qurollar tizimi uzoq masofaga zarba beruvchi artilleriya kuchini va Shimoliy Koreya taktik yadroviy qurollari samaradorligini «kardinal darajada oshirishi» qayd etilgan.

Yonhap agentligi Janubiy Koreyadagi harbiylarga asoslanib xabar qilishicha, raketalar 110 km masofaga uchgan, 25 km balandlikka ko‘tarilgan va maksimal tezligi 4 Max’ni tashkil etgan (ya’ni tovush tezligidan 4 marta yuqori - 4900 km/soat).

Ma’lum qilinishicha, sinovni KXDR rahbari Kim Chen In shaxsan kuzatib borgan. Shu bilan birga, Kim Chen In «mamlakatning mudofaa qobiliyati va yadroviy jangovar salohiyatini yanada oshirish» bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar bergani aytilgan.

Koreya mehnat partiyasining bosma nashri bo‘lmish «Nodon sinmun» («Ishchi gazeta») raketa uchirilishini kuzatish chog‘ida tabassum bilan qarsak chalayotgan Kimning fotosuratini e’lon qilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid