O‘zbekiston | 11:13 / 20.04.2022
25398
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda YPX xodimini kaltaklagan shaxs qamoqqa olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida haydovchi tomonidan IIB xodimi kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi. Surxondaryo viloyati prokuraturasi axborot xizmati mazkur xabarlar yuzasidan izoh berdi.

Foto: Videodan skrinshot

Unda yozilishicha, 2022 yil 11 aprel kuni soat 17-30 larda viloyat IIB JXX YHXB inspektori A.Kamolov Termiz shahrining Ibn Sino ko‘chasida harakatlanayotgan “Nexia-3” mashinasi haydovchisi A.J. xavfsizlik kamaridan foydalanmasdan kelayotgani uchun to‘xtatgan.

So‘ng o‘zini tanishtirib, qonunda belgilangan tartibda hujjatlarni taqdim etishini so‘raganida, fuqaro A.J. YPX xodimining qonuniy talabini bajarmasdan hujjatlarni taqdim etmagan.

YPX inspektori A.J.ga tegishli mashinani jarima maydonchasiga olib ketmoqchi bo‘lganida haydovchi A.J. unga faol qarshilik ko‘rsatib, bosh, peshona va yuz sohasiga urib yengil tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Termiz shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, natijasiga ko‘ra, 2022 yil 12 aprel kuni A.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishining tergovi davomida A.J.ga nisbatan sud ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid