O‘zbekiston | 08:12 / 26.04.2022
84814
10 daqiqa o‘qiladi

12 foizga oshadigan pensiya, migrantlarning 540 ming so‘mdan nafaqa oladigan oilalari - 1 maydan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?

Kun.uz sayti 2022 yil 1 maydan O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Foto: Kun.uz

Pensiya va nafaqalar miqdori 12 foizga oshiriladi

1 maydan pensiya va nafaqalar miqdori 12 foizga oshiriladi. Shuningdek, eng kam pensiya oladigan 725 ming nafar aholining pensiyasi 440 ming so‘mdan 500 ming so‘mga yoki 14 foizga oshiriladi.

Yangi tahrirdagi yo‘l harakati qoidalari kuchga kiradi

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan yangi qoidalarga binoan endilikda Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlaridagi gavjum ko‘chalarda 60 km/soatdan yuqori tezlikda harakatlanish taqiqlanishi mumkin. Maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari atrofidagi yo‘llarda 300 metrgacha bo‘lgan masofada 30 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) esa soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.

Shuningdek, qoidalarga ko‘ra, avtomobilning old o‘rindig‘idagi yo‘lovchilar ham xavfsizlik kamarini taqishi majburiy etib belgilandi.

Pensiya va nafaqalar naqd pulda beriladi

Prezident qaroriga binoan barcha turdagi pensiya va nafaqa to‘lovlari naqd shaklda beriladi yoki fuqarolarning roziligi asosida bank kartasiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, tog‘li va olis tumanlardagi budjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi to‘lash, ijtimoiy to‘lovlar hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, OTM talabalariga stipendiyalarning kamida 50 foizi naqd shaklda beriladi.

«Ijtimoiy xizmat» elektron platformasi ishga tushiriladi

Platforma nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron ma’lumotlari, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha tezkor murojaat qilish kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.

Yoshlarning turizm bo‘yicha tashabbuslariga 50 mln so‘mdan grant ajratiladi

Prezident farmoniga asosan yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat budjetidan Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan har bir tashabbuskorga 50 mln so‘m miqdorida, jami 10 mlrd so‘mgacha grantlar ajratiladi. Bunda:

  • grant mablag‘lari onlayn to‘lovlarni qabul qiluvchi zamonaviy veb-sayt yaratishga, xorijiy mamlakatlardagi turizm ko‘rgazma va yarmarkalarida ishtirok etishga yo‘naltiriladi;
  • grant mablag‘lari belgilangan tartibda xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasiga uch yil davomida kamida 200 nafar xorijiy turistlar uchun tur tashkil qilish sharti bilan ajratiladi.

O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarda aviaspotting yo‘lga qo‘yiladi

Hukumat qaroriga asosan O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarda aviaspotting — belgilangan tartibga asosan aeroportlarda havo kemalari harakatini hamda parvozini kuzatish, shuningdek ularni professional va havaskorlar (aviaspotterlar) tomonidan foto, video tasvirga olishni amalga oshirish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, xorijiy aviaspotterlar jalb qilingan holda, mahalliy havaskorlar va professional aviaspotterlar uchun tanlovlar tashkil qilinadi.

Yagona tergov axborot tizimining sinov versiyasi ishga tushiriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 maydan Yagona tergov axborot tizimining sinov versiyasi ishga tushiriladi. Tizimning to‘liq versiyasi 2022 yil 1 avgustdan ishga tushadi.

Xotin-qizlar faolining oylik ish haqi oshiriladi

Prezident qaroriga muvofiq mahalladagi xotin-qizlar faolining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilansin:

  • xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,5 baravari miqdorida;
  • xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4 baravari miqdorida;
  • xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 4,5 baravari miqdorida.

Mahalla raisining ish haqi miqdori mahallasidagi xonadonlar soniga qarab belgilanadi

Prezident qaroriga ko‘ra, mahalla raisining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilanadi:

  • xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (822 ming so‘m)ning 4 baravari miqdorida;
  • xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (822 ming so‘m)ning 4,5 baravari miqdorida;
  • xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (822 ming so‘m)ning 5 baravari miqdorida.

Migrantlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalariga moddiy yordam ko‘rsatiladi

Prezident qaroriga asosan 2022 yil 1 maydan boshlab hokim yordamchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan har yili:

  • boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan oilalarga BHMning 2 baravari (540 ming so‘m) miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi;
  • mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»dan biriga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari (1 mln 350 ming so‘m) miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi;
  • mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasida ular bilan birga istiqomat qilib kelgan pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo‘llanma beriladi.

Shuningdek, mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yo‘llanmalar beriladi.

«Avtomobil tarixi» ma’lumotlarini olish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi

Hukumat qaroriga asosan «Avtomobil tarixi» ma’lumotlarini shartnomaviy asosda Davlat xizmatlari markazlari, YaIDXP yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash bo‘yicha davlat xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Yolg‘iz keksalarning tibbiy-ijtimoiy xizmatlar olishi qulaylashtiriladi

Prezident qaroriga asosan, ijtimoiy yordam ko‘rsatish xizmati xodimlari yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining «Sall-markazi»ga qilingan murojaatlar asosida quyidagi xizmatlarni ko‘rsatadi:

  • «Nuroniy» jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar doirasida dori vositalari, protez-ortopediya moslamalari va kreslo-aravachalarni uyga yetkazib berish;
  • shifokorlar retseptlariga asosan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ularning mablag‘lari hisobiga dori vositalarini olib kelish hamda oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning shifokori ko‘rigidan so‘ng tibbiy ko‘rik ma’lumotlarini yetkazish;
  • kutubxonalarga a’zo bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kitoblar, jurnallar, gazetalar va boshqa nashrlarni yetkazish.

Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlariga haq to‘lash Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi

Prezident qaroriga binoan Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy xodimlari (katta va kichik ilmiy xodim) mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlar Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Pensiyani plastik kartada oluvchilarga qo‘shimcha 1 foiz to‘lab beriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, barcha turdagi davlat pensiyalari, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan to‘lanadigan nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni hamda kam ta’minlangan oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordam pulini bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1 foizi miqdorida qo‘shimcha pul o‘tkazib beriladi.

Chet el fuqarolariga O‘zbekistonda yashash guvohnomasi bo‘lmasa ham ko‘chmas mulk sotib olish imkoniyati taqdim etiladi

Prezident farmoniga ko‘ra, ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan quyidagi ko‘chmas mulk obektlarini sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi beriladi:

  • Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida — qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 000 AQSh dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk obektlarida qiymati 180 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk obektlari;
  • boshqa hududlarda — qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 70 000 AQSh dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk obektlarida qiymati 85 000 AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk obektlari.

Bunda, mazkur bandda nazarda tutilgan ko‘chmas mulk obektlarini sotib olish xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasida doimiy ro‘yxatdan o‘tish va yashash guvohnomasini olish uchun asos bo‘lmaydi.

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid