O‘zbekiston | 08:33 / 29.04.2022
7816
3 daqiqa o‘qiladi

Advokatlik litsenziyasini rasmiylashtirish tartibi o‘zgaradi

Foto: Getty Images

Prezidentning «Advokatura sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar advokatura sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etishning ustuvor vazifalari etib belgilanadi:

  • advokatlik faoliyatini yuritishda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali advokatura institutining davlat organlari va boshqa tuzilmalardan mustaqilligini ta’minlash;
  • advokatlar, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvini samarali yo‘lga qo‘yish;
  • maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali advokatura sohasining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda Advokatlar palatasi boshqaruv organlarining advokatlar hamjamiyati oldidagi hisobdorligini yanada oshirish;
  • advokatlar tomonidan maxsus axborot dasturi orqali jismoniy va yuridik shaxslarga onlayn yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini yaratish;
  • advokaturada zarur axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlar shakllanishini ta’minlash hamda ma’lumotlarni kompleks himoya qilish va maxfiyligini ta’minlash choralarini ko‘rish.

Belgilanishicha, 2023 yil 1 yanvardan boshlab:

a) advokatlik faoliyati uchun litsenziya «Lisenziya» axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi;

b) advokatlik tuzilmalarini ro‘yxatga olish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali «yagona darcha» tamoyili asosida faqat elektron tarzda amalga oshiriladi;

v) advokatlik faoliyatini boshlashda malaka imtihonini topshirish, advokatlik faoliyati uchun litsenziya olish, advokatlik tuzilmasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki faoliyat ko‘rsatayotgan advokatlik tuzilmalaridan biriga kirish va advokatlik guvohnomasini olish bo‘yicha kompozit xizmat ko‘rsatish tartibi joriy etiladi.

Bunda:

  • malaka imtihonini topshirish uchun tegishli hujjatlarni talabgordan olish tartibini bekor qilgan holda, ularni idoralararo elektron hamkorlik yordamida olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
  • talabgorning malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgani haqidagi qarori va tegishli hujjatlar advokatlik faoliyati uchun litsenziya rasmiylashtirish uchun elektron tizim orqali avtomatik ravishda litsenziyalovchi organga yuboriladi;
  • advokatlik guvohnomasini maxsus QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan holda berish tartibi joriy etilib, mazkur QR-kod orqali advokatning maqomi haqida ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid