O‘zbekiston | 07:53 / 29.04.2022
2837
2 daqiqa o‘qiladi

Fuqaroviy ov quroliga ega bo‘lishning minimal yoshi 25 yoshgacha oshiriladi

Foto: Getty Images

Senat yalpi majlisida “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Amaldagi “Qurol to‘g‘risida”gi qonun bilan o‘qotar quroldan tashqari pnevmatik, gazli, signal beruvchi, tig‘li, uloqtirish quroli va elektroshok qurilmalariga egalik qilishga ruxsat berilgan.

Biroq, o‘qotar bo‘lmagan yuqorida ko‘rsatilgan qurollarga noqonuniy egalik qilish uchun esa qonunchilikda javobgarlik mavjud emas. O‘qotar bo‘lmagan qurolga noqonuniy egalik qilish, ya’ni uyda saqlash, ko‘cha-ko‘yda olib yurish, ta’lim muassasalariga olib borish va hokazo holatlarda qurol egasi undan turli jinoiy maqsadlarda foydalanmasligiga “kafolat” yo‘q.

Shu bois, muhokama qilingan qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda.

Qurol va uning o‘q-dorilari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish funksiyalari Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga o‘tkazilmoqda.

O‘qotar bo‘lmagan qurol bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarliklar nazarda tutilmoqda.

O‘zbekiston fuqarolarining fuqaroviy ov qurolini va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘lish uchun yosh senzi yigirma besh yosh etib belgilanmoqda (amaldagi qonunchilikda yigirma bir yosh).

Bundan tashqari, fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini hadya etilishini taqiqlash nazarda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid