O‘zbekiston | 09:21 / 11.05.2022
60962
2 daqiqa o‘qiladi

Angren shahar hokimi vafot etdi

Nuriddin Abdurahimovning vafotiga betoblik sabab bo‘lgan.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Angren shahar hokimi Nuriddin Abdurahimov hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xabar berdi.

Nuriddin Abdurahimov 11 may kuni hayotdan ko‘z yumgan. Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar qilishicha, uning vafotiga betoblik sabab bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 9 may – Xotira va qadrlash kunida Angren shahrida yangi masjidga ilk g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tgandi. Ushbu tadbirda Nuriddin Abdurahimov ham qatnashgandi.

Nuriddin Abdurahimov 1978 yil Toshkent viloyatining Piskent tumanida tug‘ilgan, 1999 yilda Toshkent moliya institutini moliya va kredit-bank ishi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

U mehnat faoliyati davomida Davlat mulk qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi, "O‘zkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Iqtisodiyot vazirligida ishlagan.

Nuriddin Abdurahimov 2018 yilda O‘zbekiston prezidenti ijro etuvchi apparati mamlakatni isloh qilish va rivojlantirish jarayonlarini axborot-tahliliy ta’minlash shu’basi yetakchi konsultanti bo‘lgan. 2018-2022 yillarda prezident administratsiyasining Ijro etuvchi apparat tahliliy materiallar tayyorlash va Administratsiya bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish sektori yetakchi konsultanti sifatida ishlagan.

U 2022 yilning yanvar oyidan buyon Angren shahar hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelayotgandi.

Mavzuga oid