Jamiyat | 22:15 / 18.05.2022
47175
2 daqiqa o‘qiladi

Soxta muvaffaqiyatshunoslik biznesi yoxud trening ortidan million

Oxirgi paytlarda “biznes-trening” nomi ostida sotilayotgan kurslar ko‘paygandan ko‘paydi. Ular orasida o‘zi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish orqali mijoz yig‘ayotganlar talaygina. SUBeKTIV'ning yangi soni – tezda boyib ketish “sirlari”ni quloqlarga lag‘mon qilib ilayotgan ana o‘sha “muvaffaqiyatlilar” haqida.

Ijtimoiy tarmoqlarda biznesning falonta sirlari yoki boylarcha fikrlashga bag‘ishlangan kurslar reklamalari borgan sari ko‘payib boryapti. Kuzatishlarimizga ko‘ra, ko‘plab holatlarda odamlarning ishonchiga kirib, ularga omadli bo‘lishni o‘rgatish uchun ravon nutq sohibi bo‘lish, kostyum kiyish va muvaffaqiyat haqida ikkita kitob-u uchta video bilan tanishib chiqish kifoya qilyapti.

Shunisi ahamiyatliki, bunday kurslardan internetda tarqalayotgan ko‘plab parchalar “trener”larning saviyasini bir qarashda yaqqol ko‘rsatib berayotgandek tuyulsa-da, bu bilan tinglovchilar auditoriyasi kamayib qolmayapti.

Bu esa oson va tez muvaffaqiyatga erishish orzusidagi ko‘plab yoshlar uchun faktlarga asoslangan, effektiv va yoshlarbop surishtiruvga zarurat borligini ko‘rsatadi, nazarimizda. SUBeKTIV'ning yangi soni ana shu informatsion bo‘shliqni to‘ldirish istagidan tug‘ildi.

Ta’kidlashni istardikki, o‘z ustida ishlashga intilish – ijobiy va olqishga sazovor xislat, lekin hech bitta kurs yoki motivatsion manba qisqa vaqtda insonni sog‘lom, boy va omadli qilib qo‘ymaydi, buni va’da qilayotganlarning esa avvalo o‘z yutuqlarini ko‘zdan kechirish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Film orqali barcha biznes-trenerlarni birdek qoralashdan yiroqmiz. Kim haqida gapirayotganimiz esa kundek ravshan. Va albatta, fikrlar sub’yektiv, xulosa har kimning o‘zidan.

Jamshidxon Ziyoxonov,
muallif

Mavzuga oid