O‘zbekiston | 21:08 / 14.03.2026
2747
14 daqiqa o‘qiladi

O‘limni tezlashtirayotgan oziq-ovqatlar | SUBYEKTIV

Internetda deyarli hamma yeyayotgan narsalarimizni zararli deb gap tarqatishyapti. Garmon uriladigan tovuqlar, go‘shtdan arzon kolbasalar, cho‘chqa jyelatinidan qilinadigan marmeladlar, saratonga sabab bo‘luvchi energetiklar, zaharli o‘simlik moylari va hokazo. Uchta “oq zahar” – shakar, oq un va tuz. Bu gaplarning qay biri rost, qay biri shov-shuvligini ajratolmay qolyapmiz. SUBYEKTIV bir nechta tajriba va izlanishlar orqali mavzuga oydinlik kiritdi. Biz nima yeyapmiz? Bu ko‘rsatuv eng birinchi ehtiyojimiz bo‘lgan oziq-ovqat masalasiga befarq bo‘lmaganlar uchun.

O‘ylab ko‘ring-chi, o‘quvchi farzandingizga yegulik sotib olish uchun kuniga necha so‘m berasiz? Ular bu pulga yarasha nimalarni sotib olishyapti?

Mahsulotlarning yaroqlilik muddatiga qiziqish odat tusiga aylanib borayotgani yaxshi. Endi to‘g‘risini ayting, ularning tarkibi, kaloriyasini qachon qadoqdan o‘qib, qiziqib ko‘rdingiz? Bu mavzuda ko‘p narsani o‘rganganimdan keyin gipermarketga kirib, nima sotib olishga o‘ylanib qoldim. Demak, bu haqda hamma bilishi kerak bo‘lgan gaplar ko‘p. O‘zi biz nima yeyapmiz? Keling, shu haqda yaxshilab o‘rganamiz.Men o‘zim yaqin-yaqingacha energetik suvlarni ko‘p ichardim. Atrofimda hamma ogohlantirsa ham, hech qaytarmasdim. Kerak bo‘lsa, fast-fudlarni ham reklama qilganmiz. Lekin bu ko‘rsatuvni tayyorlash uchun ko‘p narsalarni o‘rganishim bilan hozir mutlaqo boshqacha hayot tarziga o‘tdim. Va bu ma’lumotlarni siz ham bilishingiz kerak. Ayniqsa, atrofimizda qand kasalligi, saraton, semizlik ko‘payib borayotgan O‘zbekiston sharoitida bu mavzudan xabardorlik juda muhim.

Semirib ketdim...

Doimiy o‘tirib ishlash, har kuni tushlikka fast fud va shakarli ichimliklar, kamiga hamma yoqqa faqat mashinada qatnash – sizga ham tanish hayot tarzimi? Har oy qanchadan semirdim, deb o‘ylaysiz? Keling, natijalarni hisoblab chiqamiz.

Harakatsizlik va uyqudan iborat hayotimizda o‘rtacha 1600-1700 kilokaloriyani kunlik tabiiy sarflaymiz. Tushlikka o‘rtacha gamburger, kartoshka fri va kola — taxminan yetti yuz yetmish kilokaloriya. Bu faqat tushlik. Undan keyin ofisda o‘tiramiz va bu kaloriyaning katta qismini  yoqmaymiz. Fast-fud va shakarli ichimliklar yog‘imizga yog‘ bo‘lib qo‘shilaveradi.

Kechki ovqatga bizni uyda tansiqqina, yog‘li taomlar kutib turibdi. Ularni ham bosib yeymiz (o‘rtacha 1000 kkaloriya). Gazagiga choy, shirinlik yoki non qo‘shsak, kunlik kaloriyamiz anchagina ko‘payadi (jami 2000-2100 kkaloriya). Kuniga taxminan 1650 kilokaloriya yoqib, to‘rt yuz — besh yuz oshiqcha kaloriya yoqilmay, yog‘ bo‘lib yig‘ilaverdi.

Tanadagi bir kilogramm yog‘ taxminan 7700 kkaloriya bo‘lsa, oyiga taxminan ikki kilogrammga vaznim oshib bordi. Bu semirish tez emas. Ko‘zga tashlanmaydi. Hech qayer og‘rimaydi. Har kuni yoqimli fast fud! Bir oyda “keskin o‘zgarish” bo‘lmasa ham, 3 oyda qorinda yog‘ yig‘ildi. Olti oyda semirganim yaxshigina sezildi. Bir yilda esa bu allaqachon sog‘liqka ta’sir qila boshladi. Chunki tez tayyorlanadigan taomlar va shakarli ichimliklar vazn ortishi, insulin qarshiligi va 2-toifa diabet va yurak kasalliklari xavfini oshirishi aniq edi.

Nega bugun aralashmalar tez tavsiya qilinyapti?

Farzandingiz tug‘ilganda tug‘uruqhona hamshiralari ona suti kelmayapti, bolalar qo‘shimcha ozuqasi olib keling, deb hech so‘rashganmi? Aslida o‘ta jiddiy holatlarda, aniq tibbiy sabab bo‘lsagina, xalq tilida aytiladigan “kasha”lar shifokor tomonidan yozilishi mumkin. Yangi tug‘ilgan chaqaloqning tezroq tinchlanishi uchun onalarga “sut yetmayapti” degan qo‘rquv ba’zan singdiriladi. Ammo bu narsalar ortida katta sanoatning marketing mahsuloti ham bor. Bolalar bo‘tqasi marketingi yashirin bo‘ladi. Ular televizorda reklama qilinmaydi. Shifokor maslahati, onalar guruhi, bloger tajribasi ko‘rinishida piar qilinadi. Reklamaga sarflanadigan xarajatlar esa shifokor uchun cho‘tal, hamshiralarga sovg‘a, korporativ yig‘ilishlar ko‘rinishida bo‘ladi.

Bolalar, zararli yeguliklar va ularga qarshi kurash

Ko‘plab davlatlarda shakarli mahsulotlar “taom” emas, xavfli odat sifatida tushuntiriladi. Maktablar atrofida shirinliklar sotishni taqiqlashadi. Masalan, Chili, Meksika, Peruda shakarli, tuzli, kaloriyasi yuqori mahsulotlar maxsus qora tamg‘alar bilan sotilishi qat’iy belgilangan. Bolalarga qaratilgan reklama taqiqlangan. Maktab darsliklarida ushbu belgilar alohida o‘rgatiladi.

Natijada bolalar va kattalar shakar, tuz va yog‘ni ko‘proq nazorat qila boshlaydi. Qora belgili mahsulotlar “juda zararli” deb  miyaga signal boradi. Bolalarda “men buni yemasligim kerak” degan fikr shakllanadi. Buning ortidan bu turdagi mahsulotlar sotuvi kamaygan. Brendlar o‘z mahsulotini qora belgi bo‘lmasligi uchun sog‘lomroq qilib qayta ishlab chiqishga majbur bo‘lgan. 

Yaponiyada “Shokuiku” deb ataladigan davlat siyosati bor. Unda bolalarga boshlang‘ich sinflardan qadoqdagi tarkibni o‘qish, shakar, tuz va yog‘ me’yori, ortiqcha iste’mol zararlari o‘rgatiladi.

Bundan tashqari Finlandiya, Avstraliya, Kanada kabi davlatlarda ham o‘quvchilarga shakarli ichimliklar salbiy misol sifatida o‘qitiladi. Ularga mahsulot qadog‘ini tushunib o‘qish, shakarning yashirin nomlarini tushunish ko‘nikmalari o‘rgatiladi. Chunki uning zararini odamlar bilgani sari ishlab chiqaruvchilar shakarni turli muqobil so‘zlar ostiga bekitib yozishga o‘tishgan.

Bizda-chi? O‘zbekistonda bu borada nima gapligiga qiziqib ko‘rdim. 2020 yilda chiqqan prezident qarorida 2025 yil 1 yanvardan boshlab oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsiz yoki zararli ekanligini ko‘rsatuvchi belgilar bilan tamg‘alanishi majburiy belgilangan ekan. Ya’ni bu amaliyot bir yil oldin boshlanishi kerak bo‘lgan. Lekin men hali bunday tamg‘ali mahsulotlarni izlab topolmadim. Prezident qarori ijrosiga Sog‘liqni sog‘lash vazirligi mas’ul qilingan. Agar hali ham amaliyota kiritilmagan bo‘lsa, bu savolni vazirlik uchun ochiq qoldiramiz: biz qachondan boshlab nosog‘lom mahsulotlarni qadoqda farqlay olamiz?

Nega zararli oziq-ovqatlar sotuviga ruxsat beriladi?

JSSTning ta’kidlashicha, barcha yirik korporatsiyalarning asosiy manfaati foyda. Yirik bozor ulushiga ega bo‘lish ko‘pincha siyosiy kuchga ham aylanadi. Fast fud, chips, shirinlik va gazli ichimliklar katta foyda va juda ko‘p soliq, degani. Milliard dollarlik brendlar davlat uchun ish o‘rinlari yaratadi. Qonunlar esa faqat taqiqqa emas, ko‘proq ma’lumot berish va ogohlantirishga qaratilgan. Davlatlar zararli mahsulotni umuman taqiqlay olmaydi, chunki iqtisodiy va iste’mol huquqlari bor. Lekin soliqlar, maktab atrofidagi cheklovlar, vizual ogohlantirish va targ‘ibot orqali xavfni pasaytirish mumkin.

Zararli yemaklar marketingi

Nega biz film ko‘rayotganda ermak uchun chips yoki shakarli bodroq yeymiz? Bu odat qayerdan chiqqan o‘zi? Nima uchun biz kino yoki kinoteatr deganda ularni tasavvur qilamiz? Kesilgan ho‘l mevalar yo turli quruq mevalar aralashmasini film ko‘rib yemaymiz? Chunki buni ham marketing boshqaradi. Ularni ermak qilib o‘tirish kinoni qiziqarli va sevimli qilib qo‘ymaydi. Bu bozor ham chips va bodroq ishlab chiqaruvchilari tomonidan ustalik bilan egallangan.

Bolalar ozuqasi yoki turli sharbatlar reklamalarida ham qadoq hikoya aytadi. Ferma yoki serhosil bog‘, baxtli sigir, mehr bilan qo‘lda tayyorlangan tasvirlar. Sanoat ishlab chiqarishi unuttiriladi. Ular ta’m bilan emas, psixologiya bilan yutadi.

Fast fudlar, shakarli ichimliklarning nega bunchalik sevimliligi ham bejizgamas. Ular turli tajribalarda topilgan shakar, yog‘ va tuzning ideal nisbatidir. Bundan tashqari ortiqcha sun’iy ta’m beruvchilar va souslar ham bor. Aynan shular miyada zavq markazini yoqadi va sizni yeyishdan to‘xtatib bo‘lmaydi.

Endi Yaponiyaga qarang. U yerda ko‘pincha qaynatilgan ovqatlar, sabzavot va asosan baliq yeyishadi. Natijada dunyodagi eng uzoq umr ko‘ruvchi xalqlardan biri ham, semizlik darajasi juda past davlat ham Yaponiya. Ular ovqatni to‘yib emas, yetarli deb bilganida to‘xtatishadi. Yoki Janubiy Koreyani olsak, u yerda ham sabzavot ko‘p, gazli ichimlik kam. Aholida esa ichak salomatligi yaxshi, semizlik darajasi past. Koreyslar ko‘p yeyishi mumkin, ammo ovqatlaridagi kaloriya juda past.

To‘g‘ri ovqatlanish qimmat yoki qiyin emas

To‘g‘ri ovqatlanish — bu hamma fastfud, shakar yoki “zararli” narsalardan umrbod voz kechish degani emas. Bu — qachon, qancha va qanchalik tez-tez yeyishni bilish degani. Masalan, osh yoki xonimni yotish oldidan kechqurun emas, kunduzi yeyish kerak. Qimmat mahsulot doimo foydali degani ham emas. Diyeta so‘zi qimmat ovqatlarni, to‘g‘ri ovqatlanish esa erinchoqlikni tasavvur qildiradi. Muammo bir marta yeb qo‘yishda emas, ko‘p yeyishlarning odatga aylanib qolishida. Zararli ovqatlarni asosiy ovqatga aylantirishda.

Nega unlar bugun “zahar”ga tenglashtirilyapti?

Qo‘ysang-chi, oldingilar shuncha baquvvat va ko‘p yeyishgan. Ular nega kasal bo‘lmagan, deyishingiz tabiiy. Reklamalarni ham eslasangiz, ilgari fast fud, shirin ichimliklar, chips, turli qarsildoqlar, oq unli mahsulotlar, energetiklar — hech biri mavjud emasdi.

Ilgari ovqatlar tabiiy va kam qayta ishlangan edi: don, sabzavot, meva, go‘sht va baliq asosiy ratsionni tashkil qilgan. Shakar, yog‘ va tuz me’yorda bo‘lgan, sun’iy qo‘shimchalar deyarli yo‘q edi. Odamlar ko‘p harakat qilgan, mehnat bilan yashagan. Bugungi “ofis + transport + fastfud” muhiti o‘shanda mavjud emasdi.

Non ham boshqacha bo‘lgan. U ikkinchi yoki uchinchi navli dondan, tabiiy xamirturush bilan tayyorlangan. Xamir sekin yetishtirilgan, fermentatsiya uzoq davom etgan. Bu jarayon glyutenni qisman parchalab, minerallarning o‘zlashishini osonlashtirgan. Shuning uchun non to‘yimli, hazmi yengil bo‘lgan. Shakarli ichimliklar va yuqori kaloriyali mahsulotlar kam iste’mol qilingani uchun organizmga ortiqcha yuk tushmagan.

Bugun esa sanoat ishlab chiqarishi ustuvor. Oliy navli oq unda donning eng foydali qismi — qobig‘i va urug‘i — ajratib tashlanadi. Qolgani asosan tez hazm bo‘ladigan kraxmal. Shu sabab qonda shakar tez ko‘tariladi, ochlik hissi tez qaytib keladi va ortiqcha vazn xavfi oshadi. Unga qo‘shiladigan oqartiruvchi yoki saqlash muddatini uzaytiruvchi moddalar mahsulotni chiroyli va qulay qiladi, lekin uning oziqlik qiymatini oshirmaydi.

Sanoat xamirturushi ham farqli. U tez ishlaydi, ishlab chiqarishni arzonlashtiradi va nonni qisqa vaqtda tayyorlaydi. Lekin tabiiy fermentatsiya yetarlicha kechmagani uchun ba’zi odamlarda dam bo‘lish yoki hazm muammolari kuzatilishi mumkin. Tabiiy xamirturushli nonda esa fermentatsiya uzoq davom etgani sabab qonda glyukoza sekin ko‘tariladi va to‘yish hissi uzoq saqlanadi.

Shuni anglash muhim: unning o‘zi zahar emas. Muammo — uning haddan tashqari qayta ishlangani va ortiqcha iste’molida. Ilgari non vaqt va sabr bilan tayyorlangan bo‘lsa, bugun u tezlik va ommaviylik uchun ishlab chiqarilmoqda.

Xulosa. “Baribir o‘lamiz-ku...”

Biz odatda “men hali yoshman”, “bu faqat tushlik”, “hamma yeyapti-ku” yoki “aynan menga taalluqlimas” degan taskin bilan yashaymiz. Lekin statistika shaxsiy taskinni inkor qiladi. “Baribir o‘lamiz-ku” degan taskin gap bilan ham o‘zimizni ovutamiz, to‘g‘rimi? “O‘lar-ketar zamonda yeb qolish kerak” deydigan e’tiborsizlar ham bor.

Ular aslida bugungi odatlarini shunday oqlashadi. Lekin hayot faqat oxiri bilan o‘lchanmaydi. Qanday yashash bilan ham o‘lchanadi. To‘g‘ri, odatlardan voz kechish qiyin. Shu qiyinchilikni aql bilan emas, gap bilan yopamiz.

To‘g‘ri ovqatlanish umrni abadiy qilmaydi. Bu rost. Lekin u kasallik bilan o‘tadigan yillarni kamaytirishi mumkin. Farq shunda. Odam uzoq yashashi ham, qisqa yashashi ham mumkin. Lekin qiynalib yashash yoki yengil yashash tanlov masalasiga aylanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid