Jahon | 17:04 / 28.05.2022
29079
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Donbassdagi yana bir shaharni egallaganini e’lon qildi

Foto: RIA Novosti

Ukrainaning Donetsk viloyatidagi Liman shahri Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tgan. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi e’lon qildi. Rus harbiylari Limanga shturm boshlangani haqida bir necha kun avval xabar qilgandi.

O‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» rahbari Denis Pushilin 25 may kuni Limanning bir qismi ruslar nazoratiga o‘tganini aytgandi. 20 mingdan ortiq odam yashaydigan Liman Konstantinovka, Avdeyevka va Dneprga olib boradigan Selidova trassalari kesishgan manzil yaqinida joylashgan. Ya’ni bu shaharda joylashish orqali rus askarlari ushbu trassalarni bloklay olishi mumkin. Shu sabab Liman katta shahar bo‘lmasa-da, ushbu omil bilan strategik ahamiyatga ega. Liman ko‘li ham aynan shu shahar hududida joylashgan.

Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich ham 27 may kuni katta ehtimol Liman boy berilganini aytgandi. Oldinroq Ukraina Severodonetskdagi Svedlodarsk shahrini ham boy bergandi. Ukraina tomoni bu shahardan chekinib, mudofaa uchun qulayroq pozitsiyaga o‘tganini ma’lum qilgan.

Rossiya OAVlarida mamlakat armiyasi Severodonetskda ukrain askarlarini o‘rab olgani haqida ham yozishmoqda, ammo bu ma’lumot tasdiqlangani yo‘q.

Rossiya 24 fevral kuni Ukraina hududiga bostirib kirdi. Putin Rossiyada «maxsus harbiy amaliyot» deb atalayotgan harbiy harakatlarning asosiy maqsadi Ukrainani denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilish ekanini aytgandi. Rossiya tomoni bir necha marta Ukrainaga kirganidan maqsad mamlakatni bosib olish emasligini bildirgan. Shunga qaramay, hozirgacha o‘nlab shaharlar Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tgach, u yerlarga ruslar tomonidan rahbarlar tayinlanib, shahar markazlariga Rossiya bayrog‘ini ilishmoqda.

Urushning ikkinchi faol fazasi Rossiyada «Donbassni qutqarish operatsiyasi» deb atalmoqda. Donbass Donetsk ko‘mir havzasi (Donetskiy ugolnyy basseyn) so‘zining qisqartmasi hisoblanadi. Donbass hududiga 30 dan ortiq shaharlar kiradi, xususan, Donetsk va Lugansk ham.

Mavzuga oid