Rossiyaning «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazishdan maqsadi go‘yoki Ukrainani millatchilardan tozalash hisoblanadi. Bu haqda Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytdi.
«Hech kim Ukrainani bosib olish haqida o‘ylamayapti. Operatsiyadan maqsad – Ukrainani demilitarizatsiya qilish. Eng ideal holatda esa Ukrainani ozod qilib, millatchilardan tozalash. Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, rossiyaliklar operatsiyani LXR va DXRni tan olishni qo‘llagani kabi qo‘llab-quvvatlaydi.
Operatsiya muddati voqealar rivojiga bog‘liq. Qarorni prezident qabul qiladi. Ukraina taqdirini esa ukrain xalqi hal qiladi», dedi Peskov matbuot anjumanida.
Putin rossiyaliklarga murojaatida harbiy operatsiyadan maqsad «Ukrainani «denatsifikatsiya qilish» ekanini aytgandi. Peskovning tushuntirishicha, Putin bu gapi bilan aynan «Ukrainani millatchilardan ozod qilish»ni nazarda tutgan.
Peskov va jurnalistlar o‘rtasidagi muloqot quyidagicha o‘tdi:
«Kommersant FM»: «Maxsus operatsiya»ning maqsadi va muddati haqida ma’lumot bera olasizmi?
Peskov: Maqsad haqida prezident gapirgandi – Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish. Ikkalasi ham mamlakatimiz va xalqimizga xavf tug‘dirmoqda. Muddat natijalarga qarab belgilanadi. Aniq muddatni tabiiyki bosh qo‘mondon prezident belgilaydi.
«Kommersant FM»: Rus qo‘shinlari DXR va LXRni qo‘llab, qayergacha bormoqchi?
Peskov: Operatsiyaga oid harbiy yoki texnik ma’lumotlar bera olmayman. Bu borada birlamchi manba qurolli kuchlarimiz hisoblanadi.
Bloomberg: Kremlda denatsifikatsiya iborasini qanday tushunishadi? Bu Kiyevda hukumatni o‘zgartirish uchun kerakmi?
Peskov: Bu eng yaxshi holatda Ukrainani ozod qilib, millatchilardan, millatchi kayfiyatidagi odamlar va bunday g‘oyalardan tozalash bo‘ladi.
Bloomberg: Ukraina prezidenti va hukumati millatchi kayfiyatdagi odamlar hisoblanadimi?
Peskov: Bu borada aniqlik kiritishdan tiyilaman.
















