Jahon | 08:42 / 02.06.2022
14580
2 daqiqa o‘qiladi

Oklahomadagi shifoxonada yuz bergan otishmada bir necha kishi halok bo‘ldi 

Talsa shahridagi Avliyo Fransisk kasalxonasi kampusida noma’lum shaxs tomonidan uyushtirilgan otishma natijasida to‘rt kishi, jumladan jinoyatchining o‘zi ham halok bo‘ldi. Bir necha kishi yaralangan.

Foto: Reuters

AQShning Oklahoma shtatidagi Talsa shahrida 1 iyun, chorshanba kuni qurollangan noma’lum shaxs Avliyo Fransisk kasalxonasi kampusida o‘t ochdi. Natijada, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan. Ular orasida jinoyatchining o‘zi ham bor, u aftidan o‘ziga jarohat yetkazgan. 

Xabar e’lon qilingan paytda yaralanganlarning aniq soni noma’lumligicha qolmoqda. Ularning soni o‘n nafarga yaqin ekani va ba’zilari otishmadan emas, balki qochishga uringan paytda jarohat olgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan. 

Talsa shahri politsiya departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Erik Dalglish matbuot anjumanida kasalxona hududidagi otishma haqida xabar kechki soat beshlarda kelib tushganini aytdi. Fojia joyiga tibbiy binoning uchinchi qavati aylandi, u yerda ambulator jarrohlik markazi va ko‘krak kasalliklari markazi joylashgan. Politsiya hujum qilgan shaxs uni tasodifan tanlamagan deb taxmin qilmoqda. 

Jinoyatchi to‘pponcha va uzun miltiq bilan qurollangan bo‘lib, ikkala quroldan ham foydalangan. Ayni vaqtda guvohlar bilan suhbatlar davom etmoqda va politsiya «gumonlanuvchining shaxsini aniqlashga yaqin». 

Taxminan ikki hafta oldin, 24 may kuni Texasning Yuvald shahridagi Robb Elementary School maktabida sodir bo‘lgan otishmada 19 nafar bola va ikki o‘qituvchi halok bo‘lgan edi. Yana 13 nafar bola turli darajada tan jarohatlari oldi. 

Hujum qilgan 18 yoshli mahalliy fuqaro Salvador Ramos politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid