O‘zbekiston | 08:25 / 04.06.2022
13659
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida harbiy hadli bitim ratifikatsiya qilinadi

Foto: reddit

«O‘zbekiston hukumati bilan Turkiya hukumati o‘rtasida harbiy hadli bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Qonun loyihasi «O‘zbekistonning xalqaro shartnomalari to‘g‘risida»gi qonun 18-moddasiga asosan, Mudofaa vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

2022 yil 29 mart kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkent shahrida O‘zbekiston hukumati bilan Turkiya hukumati o‘rtasida harbiy hadli bitim imzolangan.

Bitimning maqsadi tomonlar davlatlari qonunchiligiga muvofiq teng huquqlik prinsipi asosida, harbiy mashg‘ulot va ta’lim, mashqlar/mashg‘ulotlar yoki qo‘shma mashqlarda o‘zaro yoki kuzatuvchi sifatida ishtirok etish, mudofaa sanoati, harbiy hamkorlik va qurolli kuchlar o‘rtasida aloqa tashriflari va bitimda ko‘rsatilgan boshqa sohalarda tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar uchun asosni ta’minlash va hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Xalqaro shartnomaning 20-moddasiga muvofiq, bitim tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillarini bajargani to‘g‘risida diplomatik kanallar orqali so‘nggi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.

Bitim besh yil muddatga tuziladi va uning amal qilish muddati, u tugatilmasa, o‘z-o‘zidan navbatdagi bir yillik muddatlarga uzayaveradi.

Qonunni amalga oshirish O‘zbekiston davlat budjetidan qo‘shimcha moliyaviy xarajatlar qilishni talab etmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid