Jahon | 10:54 / 07.06.2022
16319
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyani g‘arblik jurnalistlarni qo‘rqitishda aybladi 

«Mustaqil jurnalistlarni qo‘rqitishga yaqqol urinish» - AQShda ommaviy axborot vositalari vakillarining Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilganiga shunday baho berildi.

Foto: AP / Manuel Balce Ceneta

AQSh Rossiyani Moskvada ishlayotgan amerikalik jurnalistlarni qo‘rqitishga urinishda aybladi, ular Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, G‘arb tomonidan kiritilgan sanksiyalar tufayli «oqibatlar» haqida ogohlantirildi.

«Rossiya Tashqi ishlar vazirligi jurnalistlarni chaqirib, iqtibos keltiraman – «ularga o‘z hukumatlarining ommaviy axborot vositalari sohasidagi dushmanlik chizig‘i oqibatlarini tushuntirdi», dedi 6 iyun, dushanba kuni AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.

«Kreml ommaviy axborot vositalari erkinligiga, ma’lumot va haqiqatga keng ko‘lamli hujum uyushtirmoqda», deya qo‘shimcha qildi u. Prays «mustaqil jurnalistlarni qo‘rqitishga aniq va ravshan urinish»ni qoraladi.

Praysga ko‘ra, jurnalistlarning Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilishi Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar boshlaganidan so‘ng G‘arbda Rossiyaning uchta davlat telekanali - Birinchi kanal, «Rossiya-1» va NTV taqiqlanganiga Moskvaning javobi bo‘ldi. Biroq, deydi Prays, g‘arblik mustaqil jurnalistlarni «Rossiya hukumatining tashviqot qo‘li» bilan tenglashtirish noto‘g‘ri. 

Avvalroq Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova Amerika rasmiylarini Rossiya ommaviy axborot vositalarining AQShdagi faoliyati «cheklanishi, taqiqlanishi va hokazolar» uchun «hamma narsa qilayotganlikda» ayblagan edi. «Agar AQSh hududida Rossiya ommaviy axborot vositalari, operatorlar, jurnalistlar ishi normallashtirilmasa, eng qattiq javob choralari muqarrar bo‘ladi», - deya va’da qildi u. 

Prays, o‘z navbatida, AQSh Rossiya ommaviy axborot vositalari vakillaridan birorta ham ishlash ruxsatnomasini qaytarib olmagani va «malakali» jurnalistlarga vizalar berishda davom etishini ta’kidladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid