Jahon | 14:28 / 11.06.2022
18321
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden: «Zelenskiy hujum haqidagi ogohlantirishlarni eshitishni xohlamagandi»

Putinning Ukraina chegarasini kesib o‘tmoqchi ekanligiga shubha yo‘q edi, lekin ko‘pchilik meni vaziyatni bo‘rttirib yuboryapti deb o‘yladi, deb aytib o‘tdi AQSh prezidenti Los-Anjyelesdagi xayriya qabulida.

Foto: AP / Evan Vucci

AQSh prezidenti Jo Baydenning 10 iyun, juma kuni Los-Anjyelesdagi xayriya qabulida ma’lum qilishicha, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vashingtonning Rossiya hujumi vaqti yaqinlashib kelayotgani haqidagi ogohlantirishlariga e’tibor bermagan.

«Ko‘pchilik meni bo‘rttirib gapiryapti deb o‘ylaganini bilaman, - dedi Bayden jurnalistlar bilan suhbatda. - Ammo men qo‘limizda ma’lumotlar borligini bilardim, buni tasdiqlovchi axborotlar mavjud edi».

«Rossiya prezidenti Vladimir Putin chegarani kesib o‘tishni rejalashtirgandi. Bunga hech qanday shubha yo‘q edi, Zelenskiy esa, xuddi ko‘pchilik kabi, bu haqda eshitishni xohlamadi. Nega ular buni eshitishni istamaganini tushunaman, lekin u (Vladimir Putin) hujumni amalga oshirdi».

24 fevral kuni Putin mamlakatga qarshi «maxsus operatsiya» o‘tkazilishini e’lon qilishidan bir necha hafta oldin, AQSh Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishga tayyorlanayotgani ehtimoli yuqori ekanligiga ishora qilgandi. Fevral oyi o‘rtalarida BMT xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqqan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina chegarasi yaqinida Rossiya harbiy kuchlarining to‘planishi «yaqin kunlarda» hujumga tayyorgarlik ko‘rilayotganidan dalolat berishini ta’kidlagandi.

G‘arbning ayblovlariga javoban Moskva bir necha bor bunday niyati yo‘qligini bildirgan va NATOni Ukrainani qurollantirish va Rossiya chegaralari yaqinida mashg‘ulotlar o‘tkazishda ayblagandi.

14 fevral kuni Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov Kiyev Rossiyaning keng ko‘lamli bostirib kirishi xavfini «na 16 fevralda, na 17 fevralda ko‘rmayotganini» aytgandi.

Mavzuga oid