O‘zbekiston | 12:22 / 15.06.2022
13119
2 daqiqa o‘qiladi

DXX odam savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazdi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan odam savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda DXX xabarida aytilgan.

Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan ayol noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi. 

Aldov yo‘li bilan qizlarni fohishalik bilan shug‘ullantirish uchun Turkiya davlatiga yubormoqchi bo‘lgan bu ayol Yangiyo‘l tumanida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan va Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan ikki nafar qizni Toshkent-Istanbul aviayo‘nalishi bo‘yicha jo‘natmoqchi bo‘lganida Toshkent xalqaro aeroportida ushlandi.

Boshqa holatda esa o‘z farzandini sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi. 

Xususan, 1996 yil Sirdaryo viloyati Xovos tumanida tug‘ilgan, hozirda Guliston shahrida yashovchi ayol o‘zining 2021 yil 3 iyun kuni tug‘ilgan qiz farzandini Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi ayolga 15 ming AQSh dollariga sotishni reja qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hududiy boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ayol so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid