O‘zbekiston | 15:49 / 16.06.2022
67925
2 daqiqa o‘qiladi

Chaqalog‘ini kaltaklagan ona topilib, ustidan jinoyat ishi ochildi

Ma’lum bo‘lishicha, bolaga zulm o‘tkazilgan hodisa Samarqandda, Payariq tumanida ro‘y bergan. Ona ayni shu chaqalog‘ini davolatish uchun kasalxonaga borgan. Unga nisbatan qiynash moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Videodan kadr

Shifoxonada chaqalog‘ini uxlatolmagani uchun uni kaltaklagan ayol voqeasi 14 iyun kuni Samarqand viloyati Payariq tumanida ro‘y bergan.

Viloyat IIB xabariga ko‘ra, ayol tumandagi “Boshqo‘rg‘on” MFYda eri bilan yashaydi, 1988 yilda tug‘ilgan, ruhiy sog‘lom.

Qiynoqqa solingan chaqaloq esa 2020 yilda tug‘ilgan. Ayol kasalxonaga aynan shu bolasini davolatish uchun yotgan.

IIB axborotida ona bolasini kaltaklaganida “stress, asabiy holatda” bo‘lgani aytiladi. Bola qanday xastalikdan davolanayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi (voyaga yetmagan shaxsni qiynash) bilan jinoyat ishi ochilgan. Buning uchun onaga 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

“Ushbu bolakay ulg‘ayayotgan oila bilan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar hozirda tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda belgilab olinmoqda”, dedi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati boshlig‘i Jahongir Sa’dullayev.

Eslatib o‘tamiz, voqea aks etgan video internetda bugun, 16 iyun kuni tarqaldi. Videoda shifoxona palatasidagi ayol hamxonasi bilan suhbatlasha turib, chaqalog‘ini uxlatishga uringani, biroq u uyquga ketavermagach g‘azab otiga minib uning boshiga bir necha marta tarsaki tushirgani, bu bilan ham qanoatlanmay uni qattiq silkilagani va o‘rniga otib yuborgani aks etgan.

Mavzuga oid