20:14 / 17.06.2022
13303

Boris Jonson urush boshlangandan buyon ikkinchi marta Kiyevga bordi

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Ukrainada urush boshlanganidan buyon ikkinchi marta Kiyevga bordi. Tashrif haqida avvaldan xabar berilmagan edi.

Foto: Volodimir Zelenskiy Telegram-kanali

Jonson 24 fevral kuni Rossiya hamda Ukraina o‘rtasida urush boshlanganidan keyin ikkinchi marta Ukraina poytaxtiga tashrifni amalga oshirmoqda. 10 aprel kuni ham Jonson anons qilmasdan Kiyevga borgan, Vladimir Zelenskiy bilan uchrashgan edi.

Jonsonni Ukraina prezidenti qarorgohida Volodimir Zelenskiy kutib oldi. Jonson bu gal ham o‘zining noodatiy harakatlari bilan e’tiborni tortdi. Zelenskiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e’lon qilgan videoda ikki davlat yetakchisi tarjimonsiz gaplashgan, Britaniya bosh vaziri Zelenskiyga bardam bo‘lishini aytgan.

Foto: Volodimir Zelenskiy Telegram-kanali

Ukraina yetakchisi o‘z kanalida ushbu tashrif urush boshlangandan buyon ikkinchisi ekanini ta’kidlab, qo‘llab-quvvatlov uchun Jonsonga minnatdorlik bildirdi: «Bu Rossiya bizning yerimizga bostirib kirganidan keyin Boris Jonsonning ikkinchi tashrifi. Ukraina g‘alaba tomon ketayotgani haqida umumiy tushuncha bor. Dangal qo‘llab-quvvatlov uchun rahmat», deb yozdi Zelenskiy o‘z Telegram-kanalida.

Kecha, 16 iyun kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Olaf Shols, Italiya bosh vaziri Mario Dragi va Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannes ham Ukrainaga borgan hamda Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazgandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top