Jahon | 08:19 / 21.06.2022
26834
2 daqiqa o‘qiladi

Dmitriy Muratov Nobel medalini 103,5 mln dollarga sotdi 

«Novaya gazeta» bosh muharriri 2021 yilda olgan Nobel tinchlik mukofoti medali sotuvidan tushgan mablag‘ ukrainalik qochqin bolalarga yordamga yo‘naltiriladi.

Foto: Picture Alliance

2021 yilgi Nobel tinchlik mukofoti sovrindori, «Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratovning medali auksionda 103,5 million dollarga (98,4 million yevro) sotildi. Bu haqda 20 iyun, dushanba kuni savdolarni o‘tkazgan Amerikaning Heritage Auctions savdo uyi saytida ma’lum qilindi. Xaridorning ismi noma’lum. 

Savdo uyiga ko‘ra, mukofotni sotishdan tushgan barcha mablag‘ BMT Bolalar jamg‘armasiga (YuNISEF) ukrainalik qochqin bolalar va ularning oilalariga yordam berish uchun yuboriladi. Auksion Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tdi va u 20 iyunda nishonlangan Butunjahon qochqinlar kuniga bag‘ishlandi. OAVning yozishicha, bu Nobel medalining mukofot tarixidagi eng qimmat sotuvi bo‘ldi. 

Dmitriy Muratov Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo‘lgan Rossiyaning birinchi fuqarosi bo‘ldi. U filippinlik jurnalist Mariya Ressa bilan «demokratiya va mustahkam tinchlikning dastlabki sharti bo‘lgan so‘z erkinligini himoya qilishdagi sa’y-harakatlari» uchun mukofotni oldi. Nobel qo‘mitasi izohida aytilishicha, Muratov nashr xodimlariga bir necha bor tahdidlar va bir necha jurnalistlarning o‘ldirilishiga qaramay, «Novaya gazeta» mustaqil siyosatidan voz kechmagan.

Muratov medalni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan mart oyida qaytarib sotish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, «Novaya gazeta» gazetani o‘z saytida, ijtimoiy tarmoqlarda va qog‘oz ko‘rinishida nashr etishni Ukrainadagi urush tugaguniga qadar to‘xtatib qo‘yganini ma’lum qildi. Nashr bu qarorini Roskomnadzordan ikkinchi ogohlantirish olgani, shu sababli «gazeta ishini davom ettira olmasligi» bilan izohladi. 

Mavzuga oid