O‘zbekiston | 14:27 / 22.06.2022
39684
4 daqiqa o‘qiladi

To‘ra Bobolov sariosiyoliklarni vahimaga tushmaslikka chaqirdi

Surxondaryo viloyati hokimi To‘palang suv omboridan turib aholiga videomurojaat bilan chiqdi.

Surxondaryo viloyati viloyat hokimi To‘ra Bobolov  Sariosiyo tumanida joylashgan To‘palang suv ombori to‘g‘oni yorilib ketgani va natijada atrofni suv bosgani haqida xabarlar ortidan suv omboridagi holat yuzasidan aholiga murojaat bilan chiqdi.

Viloyat hokimi To‘palang suv omborida bo‘lib, haqiqiy holatga izoh berib, vahimaga o‘rin yo‘qligini ta’kidlagan.

«Bugun ertalab soat 08:14 da Sariosiyo tumani To‘palang suv omborining To‘palang GES qismida suv toshqini holati yuz bergan. Suv ombori to‘g‘oniga hech qanday talafot, shikast yetmagan. Hozirda suv sizib chiqishi to‘xtatilgan. To‘palang GESning ichki qismida yuzaga kelgan kichik nosozlik bugunning o‘zida bartaraf etiladi. «Zarchob-1» va «Zarchob-2» GES esa maromida ishlab turibdi.

Hududda tegishli komissiya ish olib bormoqda. Fuqarolarimizdan tushkunlikka tushmaslikni, sarosimaga berilmaslikni so‘raymiz. Hech qanday vahimaga o‘rin yo‘q», degan viloyat hokimi.

Avvalroq To‘palang GES unitar korxonasi direktori Asror Ulug‘ov va Sariosiyo tumani FVB boshlig‘i ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan To‘palang suv omboridan suv chiqayotgani aks etgan videolar bo‘yicha bayonot bergandi.

«Bugun ijtimoiy tarmoqlarga chiqqan To‘palang suv ombori haqidagi xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida soat 10:28 da jonli efirda chiqyapman. Mana, suv omborida ko‘rib turganingizdek hammasi joyida. Har doimgidek nazorat o‘lchov ishlari olib borilib, suv omborida hech qanday [favqulodda] holat bo‘lgani yo‘q», degan GES rahbari.

Ta’kidlanishicha, 160 metr kub/soniya suv sarfi miqdori To‘palang daryosi o‘zani uchun mutlaqo xavfsiz hisoblanib (daryoning suv o‘tkazish qobiliyati 600 metr kub/soniya), pastki qismda yashovchi aholi xonadonlari va korxonalar uchun hech qanday salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.

Qo‘shimcha qilinishicha, suv ombor sig‘imi 500 mln metr kubga mo‘ljallangan, hozirgi kunda 378 mln metr kub suv yig‘ilgan. «Bu degani [suv omborida] yana 120−130 mln metr kub suv sig‘imi mavjud. Suv omborida hech qanaqa ortiqcha holat kuzatilgani yo‘q», deya qayd etdi u

22 iyun kuni tongida ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida joylashgan To‘palang suv ombori to‘g‘oni yorilib ketgani va natijada atrofni suv bosgani haqidagi xabarlar va videolar tarqala boshladi.

Keyinroq «O‘zbekgidroenergo» AJ axborot xizmati To‘palang suv omborida qurilgan to‘g‘on yorilib ketgani haqidagi xabarlarni rad etdi va aholini vahimaga tushmaslikka chaqirdi.

Shunga qaramay, suv ombori atrofidagi qishloqlarda yashovchi mahalliy aholi hududni tark etishga shoshildi.

Energetika vazirligi To‘palang suv omboridagi vaziyatga GESning suv quvuri to‘sini shikastlanishi sabab bo‘lgani, avariya oqibatida To‘palang suv ombori to‘g‘oniga ziyon yetmagani, avariya yuz bergan bosimli quvurda suv oqishi to‘xtatilgani haqida ma’lumot bergan.

Mavzuga oid