Piskom daryosida yirik “Mulalak” gidro elektr stansiyasi quriladi. “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Nurullayevga ko‘ra, loyiha Xitoy banki kreditlari hisobidan amalga oshirilmoqda. Pudratchi tashkilot ham ushbu davlatdan bo‘lishi mumkin. Boisi Xitoy tomoni tegishli kelishuvlarda shunday talabni qo‘ygan.

 

2024 yilda O‘zbekistonda GESlar orqali 8,2 mlrd kWh elektr energiya ishlab chiqarilgan. Uni sotishdan tushgan pul mablag‘i esa 4 trln so‘mdan oshgan. Umumiy olinganda, elektr energiya ishlab chiqarish 2023 yilga nisbatan 20 foizga yuqorilagan. O‘sish “O‘zbekgidroenergo” AJ tasarrufida faoliyat ko‘rsatayotgan GESlar soni 77 taga yetkazilgani bilan bog‘liq. Bu haqda 27 mart kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamiyat mas’ullari tomonidan ma’lum qilindi.

Tadbirda qatnashgan Kun.uz muxbiri jamiyat vakillaridan Chorvoq suv ombori atrofida va undan yuqoriroqda qurilishi rejalashtirilgan GESlarga ketadigan mablag‘lar, ularning manbalari haqida so‘radi.

Prezidentning 332-sonli qarori bor. Unga asosan davlat ulushi 50 foiz hamda undan yuqori bo‘lgan barcha tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha texnik iqtisodiy asosnoma ishlab chiqiladi. Ushbu qarorga asosan, u majburiy ravishda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi ekspertiza markazidan o‘tkaziladi. Ijobiy xulosa berilgach, tasdiq uchun hukumatga kiritiladi hamda ularni amalga oshirish uchun alohida qaror qabul qilinadi”, deydi “O‘zbekgidroenergo” AJ raisi o‘rinbosari Farrux Nurullayev.

Uning ta’kidlashicha, hozirda Toshkent viloyatida qurilayotgan “Piskom” va “Chotqol” GESlari ekspertizadan o‘tkazilgan hamda hukumat va prezident qarorlari qabul qilingan. Ushbu loyihalarga kiritiladigan investitsiyalarni qoplash muddati hisobga olingan. Ammo Nurullayev moliyalashtirish manbalarini ochiqlamadi.

Men bitta narsani aytib o‘tmoqchi edim: moliyalashtirish manbalari aniq bo‘lmagan loyihalar bo‘yicha alohida qaror qabul qilinmaydi. Mana, yaqindagina Piskom daryosida yirik “Mulalak” gidro elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi. Ushbu loyiha bo‘yicha ekspertiza, kelishuv jarayonlari to‘liq o‘tkazildi. Moliyalashtirish manbalari aniqlandi. Ushbu loyihani amalga oshirish endi boshlanadi”, deydi Farrux Nurullayev.

Qo‘shimcha qilinishicha, “Mulalak” gidro elektr stansiyasi loyihasini Xitoy banki moliyalashtiradi. Hozir Moliya vazirligi va Xitoy hukumati o‘rtasida kelishuvlarni imzolash jarayonlari boshlangan. Ekspertizadan o‘tkazilib, tender e’lon qilinadi.