Jahon | 11:48 / 01.07.2022
12837
2 daqiqa o‘qiladi

Saxalinda neft qazib olayotgan kompaniyaning aktivlari Rossiya mulkiga aylanadi

Orolning shelf qismida neft va gaz qazib olayotgan «Saxalin Enerji» kompaniyasining mulki Rossiya Federatsiyasi tasarrufiga o‘tadi.

Foto: AP

Orol shelf qismida neft va gaz qazib olayotgan «Saxalin-2» loyihasining operatori «Saxalin Enerji» kompaniyasining mulki Rossiya Federatsiyasining tasarrufiga o‘tadi. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tegishli farmoni 30 iyun, payshanba kuni huquqiy axborot rasmiy internet portalida e’lon qilindi

Boshqaruv uchun Rossiya mas’uliyati cheklangan jamiyati tuziladi. Rossiya Federatsiyasi hukumati uning hammuassisi yoki ishtirokchisi bo‘lmaydi.

Yangi kompaniyaning hammuassisi «Gazprom Saxalin xolding» (50 foiz plyus 1 aksiya) va tashkil etilayotgan korporatsiyaning o‘zi bo‘ladi, qolgan aksiyalar boshqa egalarga ularning ulushlariga mutanosib ravishda o‘tkazilishi kerak, deya ta’kidlaydi «Interfaks» agentligi.

«Saxalin Enerji»ni milliylashtirish «tabiiy va texnogen favqulodda vaziyat tahdidi», «odamlarning hayoti va xavfsizligi», «Rossiya Federatsiyasining milliy manfaatlari va xavfsizligi» bilan izohlanadi. Putinning farmonida ta’kidlanishicha, tahdid «ayrim xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar» tomonidan majburiyatlarning buzilishi natijasida yuzaga kelgan. 

Kompaniyaning aksiyadorlari Rossiyaning «Gazprom» gaz monopolisti (50 foiz plyus 1 aksiya), Britaniya-Niderlandiyaning Shell (27,5 foiz minus 1 aksiya), shuningdek, Yaponiyaning Mitsui (12,5 foiz) va Mitsubishi (10 foiz) shirkatlari hisoblanadi. 

Rossiya hukumati «Saxalin-2» loyihasi doirasida xorijiy kompaniyalar faoliyatini tekshiradi. Neft-gaz tashabbusi doirasida Saxalin dengizi shelfidagi Piltun-Astoxskoye va Lunskoye konlari o‘zlashtirilmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid