Sport | 19:45 / 08.07.2022
11704
3 daqiqa o‘qiladi

Zepp Blatter va Mishel Platini korrupsiya ishi bo‘yicha to‘liq oqlandi

Blatter va Platiniga qarshi jinoyat ishi ochilishiga Mishel Platini 2011 yilda 2 mln shveysar franki olganligi asos bo‘lgandi.

Foto: Reuters

Shveytsariya jinoyat sudi FIFA sobiq prezidenti Zepp Blatter va UYeFA sobiq rahbari Mishel Platini ishi bo‘yicha oqlov hukmini chiqardi. Ular tovlamachilik, kamomad va korrupsiyada ayblangandi. Biroq sud Blatter va Platinining barcha ishlari qonuniy bo‘lgan deb e’tirof etdi. 

Mazkur ish 2015 yilda boshlangandi. O‘shanda AQSh federal qidiruv byurosi Shveytsariya politsiyasi bilan operatsiya o‘tkazgan va FIFAning qator amaldorlarini korrupsion sxemalarda ishtirok etishda ayblab qo‘lga olgandi. Natijada Zepp Blatter va Mishel Platini iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Keyinroq FIFA axloq qo‘mitasi Blatter va Platinini diskvalifikatsiya qildi.

Barcha apellyatsiyalardan so‘ng Blatterga olti yil o‘n oylik, Platiniga to‘rt yillik jazo muddati berildi. FIFA o‘tgan yili Blatterni yana olti yil sakkiz oyga diskvalifikatsiya qildi.

Zepp Blatter va Mishel Platiniga qarshi jinoyat ishi ochilishiga Platini 2011 yilda 2 mln shveysar franki olganligi asos bo‘lgandi. O‘shanda Zepp Blatter ushbu mablag‘ni FIFA hisobidan to‘lashga buyruq bergan. Ular bu 1998 yildan 2002 yilgacha, Platini FIFA prezidenti maslahatchisi sifatida faoliyat yuritgan davrda ko‘rsatilgan konsultatsiya xizmatlari uchun qo‘shimcha to‘lov bo‘lganini bildirgandi. 

Tergov to‘lov borasida hech qanday shartnoma yo‘qligiga e’tiroz bildirdi. Platini FIFA prezidenti maslahatchisi bo‘lgan vaqtda yiliga 300 ming shveysar franki miqdorida maosh olgan. Bundan 2 mln frank Mishel Platiniga 2011 yilda FIFA prezidentligiga saylovda qatnashmasligi uchun berilgan degan xulosaga kelindi. U o‘shanda o‘z nomzodini qaytarib olgandi.

Ammo tergov davomida ayblanuvchilarning jinoiy harakatlarini isbotlaydigan dalil topilmadi. 

Zepp Blatter va Mishel Platini e’lon qilingan ayblovlar bo‘yicha besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin edi, biroq ayblov tomoni o‘z pozitsiyasi zaifligini tushungan holda ularga shartli ravishda 20 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosini so‘ragan.  

Sud qarorida aytilishicha, 1998 yilda Platiniga 2 mln shveysar franki to‘lash borasida og‘zaki kelishuv bo‘lgan. Platini tarixdagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘lgani hisobga olinib, uning maoshi yiliga 1 mln frankdan kam bo‘lmasligi ta’kidlangan. 

«Men birinchi raundni yutdim. Ammo bu jarayonda qatnashmagan g‘arazgo‘y insonlar bor. Ularga yana uchrashishimizga va’da beraman. Men taslim bo‘lmayman va oxirigacha boraman»,— dedi Mishel Platini.

FIFA bu borada hozircha izoh bermasligini, sud qarori bilan tanishib chiqishini bildirdi.

Mavzuga oid