Futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlanishiga sanoqli kunlar qolganda FIFA sobiq prezidenti Zepp Blatter shov-shuvli intervyu berib, unda mundial mezbonligi Qatarga topshirilishi jiddiy xato ekanini aytib o‘tdi. Uning aytishicha, Rossiyada o‘tgan JCh-2018dan keyin JCh-2022 AQShga topshirilishi lozim bo‘lgan. Ammo Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi korrupsion yo‘l bilan yirik turnirning Qatarda o‘tishiga ta’sir qilgan.

«Azaliy siyosiy raqiblar navbati bilan jahon chempionatini o‘tkazishsa, bu tinchlikka ishora bo‘lardi»

Blatter Tages-Anzeiger nashriga intervyu berib, barchasini oshkor qildi: Jahon chempionati Qatarda bo‘lmasligi kerak edi. Qolaversa, Rossiyadagi JCh-2018dan keyin siyosiy sabablarga ko‘ra yirik turnirga AQSh mezbonlik qilishi kutilgan.

«Qatardagi mundial – xatolik. Futbol va jahon chempionati bu mamlakat uchun haddan ziyod katta voqelik. FIFAning o‘sha paytdagi prezidenti sifatida buning uchun javobgarlik mening gardanimda. Biroq tarixni endi o‘zgartirib bo‘lmaydi.

O‘shanda ijroiya qo‘mitasida biz Rossiya 2018 yilgi jahon chempionatini, AQSh esa 2022 yilgi musobaqani qabul qilishi bo‘yicha amalda kelishib bo‘lgandik. Chunki azaliy siyosiy raqiblar navbati bilan ketma-ket jahon chempionatini o‘tkazishsa, bu tinchlikka ishora bo‘lardi», - deya qayd etgan Blatter.

«Sarkozi Platinidan Qatarga yordam berishni so‘radi: o‘rniga Fransiyadan 14,6 milliard dollarga qiruvchi samolyotlar sotib olindi»

FIFA sobiq rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi UYeFAning o‘sha paytdagi rahbari – hamyurti Mishel Platinidan Qatarning mezbonlik uchun arizasini qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan.

«FIFAning 2010 yilgi Kongressidan bir hafta avval Mishel Platini menga qo‘ng‘iroq qilib, rejamiz ish bermasligini tushuntirishga o‘tdi. Bilishimcha, o‘shanda Fransiya prezidenti Sarkozi Qatar valiahd shahzodasi bilan tushlik qilib bo‘lganidan so‘ng, uni Yelisey saroyiga taklif qilgan.

Sarkozi Platiniga: «Jahon chempionati mezbonini aniqlash paytida siz va UYeFAdagi hamkasblaringiz Qatar uchun nimalar qila olishingiz haqida o‘ylab ko‘ring», - degan.

Platini mendan: «Zepp, prezidentingiz sizdan nimanidir iltimos qilib so‘raganida, qanday yo‘l tutardingiz?», deb so‘rab qoldi. Shunda men unga bu savol xayolimga ham kelmaganini, chunki Shveytsariyada prezident yo‘qligini aytdim.