Jahon | 09:48 / 14.07.2022
4171
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda yillik inflatsiya to‘qqiz foizlik nuqtadan o‘tdi

AQShda iste’mol narxlari 1981 yil dekabridan beri bu qadar tez o‘smagan. Benzin narxlari indeksi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 59,6 foizga oshdi.

Foto: Picture Alliance

AQShda iste’mol narxlarining o‘sish dinamikasi keskin kuchaydi. Iyun oyining oxirida ular yillik hisobda 9,1 foizga ko‘tarildi, bu 1981 yil dekabridan beri eng katta o‘sishdir. 13 iyul, chorshanba kuni e’lon qilingan AQSh Federal mehnat statistikasi byurosi (BLS) ma’lumotlari shundan dalolat beradi.

Inflatsiyaning keskin o‘sishi, birinchi navbatda, energiya narxining ko‘tarilishi bilan bog‘liq bo‘lib, u 8,8 foizdan oshmasligini kutgan mutaxassislar prognozidan ham yuqorilab ketdi. May oyi yakunlari bo‘yicha iste’mol narxlarining o‘sish sur’ati yillik ko‘rsatkichda 8,6 foizni, aprel oyi yakunlari bo‘yicha esa 8,3 foizni tashkil etdi. 

«Energetika narxlari indeksi o‘tgan yil davomida 41,6 foizga, benzin narxlari indeksi 59,6 foizga o‘sdi. Bu 1980 yil mart oyida tugagan davrdan beri bir yil ichida eng katta o‘sishdir», - deyiladi BLS xabarida.

Iyun oyi o‘rtalarida Federal zaxira tizimi (FZT) inflatsiyaga qarshi kurashish maqsadida 1994 yildan beri birinchi marta bazaviy foiz stavkasini birdaniga 75 bazaviy punktga, ya’ni 1,5-1,75 foizgacha oshirdi. Taxminlarga ko‘ra, iyul oyi oxiridagi yig‘ilishda FZT pul-kredit siyosatini qat’iylashtirishni davom ettiradi va stavka yana 50-75 foiz punktga oshiriladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid