Jahon | 12:07 / 14.07.2022
8054
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada gaz uchun aholidan undiriladigan to‘lov uch baravar oshishi mumkin

Foto: AP

«Birjalarda gaz narxi ayrim hollarda yetti baravarga oshdi. Bularning barchasi iste’molchilarga darhol va to‘liq yetib bormaydi, biroq qaysidir vaqtda buning uchun pul to‘lash kerak bo‘ladi», - deya ogohlantirdi BNetzA rahbari Germaniya aholisini.

Germaniyada iste’molchilar uchun gaz narxi uch baravar oshishi mumkin, deya ma’lum qildi Federal tarmoq agentligi (Bundesnetzagentur, BNetzA) rahbari Klaus Myuller 14 iyul, payshanba kuni Redaktionsnetzwerk Deutschland (RND) nashriga bergan intervyusida. «Hozirda isitish uchun to‘lovlarni olayotganlarga avans to‘lovlari miqdori ikki baravar ko‘paymoqda, bunda Ukrainadagi urush oqibatlari umuman hisobga olinmagan. 2023 yil uchun iste’molchilar kamida uch baravar miqdorni hisobga olishlari kerak».

Myullerning so‘zlariga ko‘ra, hozirda gaz uchun yiliga 1500 yevro to‘layotgan mijozlar 4500 yevro va undan ko‘proq to‘lashi «mutlaqo realdir». «Bir qator hollarda birjalarda gaz narxi yetti barobar oshdi. Bularning barchasi iste’molchilarga darhol va to‘liq yetib bormaydi, biroq qaysidir vaqtda buning uchun pul to‘lash kerak bo‘ladi», deb ta’kidladi BNetzA rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyada gaz bilan ishlaydigan isitish qozonlarining yarmiga yaqini hozirda yaxshi tartibga solinmagan va «katta tejamkorlikka» ozgina harakat bilan erishish mumkin.

Klaus Myuller xususiy uy xo‘jaliklari umuman gazsiz qolishi ehtimoli unchalik katta emasligini qo‘shimcha qildi: «Eng yomon holatda ham Germaniya Norvegiyadan, Belgiya yoki Niderlandiya terminallaridan gaz olishni davom ettiradi, keyin esa Germaniya sohilidagi terminallardan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaz oladi». U gaz tanqisligi yuzaga kelgan taqdirda, xususiy uy xo‘jaliklari birinchi navbatda gaz bilan ta’minlanmaydi, degan xavotirlarni chetga surdi. Myullerning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya va Yevropa qonunchiligi xususiy uy xo‘jaliklarini «oxirgigacha» himoya qilishni nazarda tutadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid