O‘zbekiston | 11:10 / 14.07.2022
1741
2 daqiqa o‘qiladi

ShHT va MDHga a’zo davlatlar sanoat vazirlari Toshkentda uchrashadi

Ertaga Toshkent shahrida O‘zbekiston raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar sanoat vazirlari yig‘ilishi hamda MDHga a’zo davlatlar sanoat siyosati bo‘yicha kengashi VIII yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Kun.uz

Tadbirlarda Hindiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Tojikiston sanoat vazirlari, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy tarmoq vazirlari o‘rinbosarlari, ShHT bosh kotibi Chjan Min, MDH ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ilhomjon Ne’matov, shuningdek, Rossiya va Qozog‘iston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etadi.

Yig‘ilish ishtirokchilari sanoatni rivojlantirish, kooperatsiya asosida sanoat ishlab chiqarish hajmi barqaror o‘sishini ta’minlash, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, moddiy va moliyaviy resurslarni jalb qilish, mehnat unumdorligini oshirish va sanoat mahsulotlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni yanada jadallashtirish va kengaytirish masalalarini muhokama qiladi.

Uchrashuvlar chog‘ida ShHT va MDHga a’zo davlatlar sanoatini rivojlantirishga qaratilgan qator muhim hujjatlar tasdiqlanishi kutilmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar vazirlari ShHT mamlakatlari ishbilarmon doiralari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturi loyihasini ma’qullaydi. Mazkur hujjat tashkilotning Samarqand sammiti kun tartibiga tasdiqlash uchun kiritiladi.

MDHga a’zo davlatlar sanoat vazirlari yig‘ilishida ham ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikka doir hujjat tasdiqlanishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid