Jahon | 08:52 / 23.07.2022
7816
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada «jismoniy shaxslar - xorijiy agentlar» ro‘yxati kengaytirildi 

Rossiya Adliya vazirligi «jismoniy shaxslar - xorijiy agentlar» ro‘yxatini Ilya Yashin, Maksim Kats, Veronika Belotserkovskaya, Tatyana Lazareva va Ruslan Shaveddinovlar bilan kengaytirdi. 

Foto: DW

Rossiya Adliya vazirligi muxolifatchi siyosatchi Ilya Yashin, blogerlar Maksim Kats va Veronika Belotserkovskaya, teleboshlovchi Tatyana Lazareva va Korrupsiyaga qarshi kurash fondining (KKF) sobiq xodimi, Aleksey Navalniyning safdoshi Ruslan Shaveddinovni «jismoniy shaxslar - xorijiy agentlar» ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda 22 iyul, juma kuni mamlakat Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ularning besh nafari ham siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanadi va Ukrainadan mablag‘ oladi.

Ruslan Shaveddinov o‘zining reyestrga kiritilishini 22 iyul kuni nishonlagan tug‘ilgan kuniga «sovg‘a» deb atadi. 

Ilya Yashin «RF qurolli kuchlari to‘g‘risida qasddan yolg‘on ma’lumot tarqatish» (RF JKning 207.3-moddasi) ishi bo‘yicha 12 sentabrgacha hibsga olingan, qaror Moskvaning Basmanniy tuman sudi tomonidan qabul qilingan. Maksim Kats hozirda Rossiyadan tashqarida. 

16 mart kuni RF Tergov qo‘mitasi Veronika Belotserkovskayaga Yashin bilan bir xil modda bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atganini ma’lum qildi. Bloger Rossiya hukumati tomonidan xalqaro qidiruvga berildi va sirtdan hibsga olindi. U Fransiyada yashaydi. 

Tatyana Lazareva Ispaniyada. 

Ruslan Shaveddinov aprel oyida RF IIV tomonidan qidiruvga berilgan, u ham Rossiyani tark etgan.

Adliya vazirligi ro‘yxatida jami o‘ndan ortiq shaxs bor. Ilgari u 3 iyun kuni yangilangan va unga tadbirkor Yevgeniy Chichvarkin kiritilgan edi. 

Avvalroq RF prezidenti Vladimir Putin «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi yangi qonunni imzolagandi, unga ko‘ra, bu maqom chet eldan moliyalashtirilmayotgan shaxslarga ham berilishi mumkin – ularning faoliyati «xorijiy ta’sir» ostida ekanligini e’lon qilish yetarli bo‘ladi. Qonun 14 iyul kuni huquqiy axborotning rasmiy internet-portalida e’lon qilindi. U 1 dekabrdan kuchga kiradi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid