Antonov ko‘prigi tutun ichida. Xersondagi Rossiya guruhi qurshovga tushishi mumkinmi?
Xerson yaqinidagi kechuvning ahamiyati nimada va uning yo‘q qilinishi ukrain armiyasiga nima beradi?
Ukrain harbiylari o‘tgan haftada Antonov ko‘prigini o‘qqa tutishdi - bu Rossiya armiyasi tomonidan bosib olingan Xerson oblasti hududidan o‘tgan Dnepr daryosining o‘ng va chap sohilini bog‘lovchi strategik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘prikdir. Agar ko‘prik vayron qilinsa, Xersondagi rossiyaliklar guruhi aloqa va ta’minotsiz qoladi. Kiyev Moskvaga navbatdagi «ezgu niyat qadami»ni tashlagan holda shahardan chekinish kerakligiga ishora etmoqda. Ammo Xerson oblastidagi asosiy ko‘priklarni shunchaki yo‘q qilish osonmi va Ukraina qurolli kuchlari shunday yo‘l tutishi mumkinmi?
Rossiya armiyasining Qrimdan Xerson oblastiga yorib kirishi Ukrainadagi «blitskrig»ga urinishdagi yagona muvaffaqiyat bo‘lgandi. RF qurolli kuchlarining shturmchi otryadlari urushning ilk kunlaridayoq yarimoroldan Dneprning o‘ng sohiligacha yetib kelishgan va Xersonni egallashgandi.
O‘shanda bu muvaffaqiyatning asosiy omili Dnepr daryosidek tabiiy suv to‘sig‘i mavjud bo‘lgan holatda hujum amaliyotlari tezligi uchun strategik ahamiyat kasb etuvchi asosiy ko‘priklar ustidan nazorat o‘rnatish bo‘lgandi.
Garchi keyinroq Mikolayiv tomon yurishlarni ukrain armiyasi to‘xtata olgan va hatto rossiyalik harbiylarni ortga chekintirgan bo‘lsa-da, rossiyaliklar Dneprning o‘ng sohilidagi platsdarmni hamon saqlab qolishmoqda.
Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastidagi asosiy ko‘priklarga zarbalar bera boshlagach, Rossiyaning bu hududdagi guruhi taqdiri tobora ko‘p savollar tug‘dirmoqda.
Portlatilmagan Antonov ko‘prigi va boshqa kechuvlar
Xerson oblastida Dnepr orqali o‘tadigan uchta asosiy kechuv bor: Xerson yaqinidagi Antonov avtomobil ko‘prigi (yoki shunchaki «Antonov ko‘prigi»), undan 6 km shimoldagi Antonov temiryo‘l ko‘prigi, shuningdek Nova Kaxovkadagi Kaxovka suv ombori dambasi - bu Xersondan 70 km shimolda.
Aynan Antonov ko‘prigi eng asosiysi hisoblanadi - u Xersonga eng yaqin joylashgan o‘tish yo‘lidir.
Bu ko‘prik 1985 yilda qurilgan, 31 ta tayanch ustuni bor, yo‘l kengligi 25 m, uzunligi - 1366 m. Ko‘prik Dnepr va uning chap irmog‘i Konka ustidan o‘tadi.
Rossiya armiyasi Antonov ko‘prigini urushning ikkinchi kunida egallab olgan - 25 fevral kuni Xerson oblasti ma’muriyati «ukrain armiyasining sa’y-harakatlariga qaramay, Xersonga olib o‘tuvchi kechuv ustidan nazorat boy berilgani» haqida xabar bergandi.
Ukraina armiyasi nima uchun bosqinning ilk kunidayoq Antonov ko‘prigini portlatmagandi - bu urushning ilk bosqichidagi jumboqlardan biri bo‘lib qolmoqda. Qolaversa, ko‘pchilik harbiy sharhlovchilar fikricha, Ukraina janubini mudofaa qilish rejalari bu ko‘priklarni portlatishni nazarda tutgan va mashg‘ulotlarda shunday amaliyotlar ustida ishlangan.
Antonov ko‘prigi 24 va 25 fevral kunlarida butun qolgani urushning ilk soatlarida kuzatilgan umumiy xaos, shuningdek u orqali tinch aholi vakillari intensiv harakatlangani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
O‘shanda ko‘prik mudofaasi uchun qoldirilgan 59-alohida motoo‘qchilar brigadasi tank rotasi komandiri Dmitriy Dozorchiy ko‘prik uchun jang vaqtida fuqarolarning o‘zini tutishidan shokka tushganini hikoya qiladi.
«Ko‘prik bo‘ylab tank ketmoqda, dushman nishoniga qarata o‘t ochmoqda, qarshidan esa yengil avtomobil yaqinlashib keladi: odamlar signal chalishadi, qo‘l silkishadi, telefonlariga tasvirga olishadi. Fura o‘tadi, dushman bizning tankni poylab o‘t ochadi, o‘q furaga tegadi. U yonib ketadi, odamlar esa baribir ko‘prik bo‘ylab o‘tishda davom etadi va barchasini telefonga tasvirga olishadi. Men uchun bu shok bo‘lgandi: bu yerda ko‘prik uchun faol harbiy harakatlar davom etmoqda, odamlar esa qandaydir 5D kinofilmidagi kabi birinchi qatorlarda turishibdi», deya hikoya qiladi tankchi.
Kaxovkadagi GESni esa (uning to‘g‘oni - Xerson oblastidagi Dnepr ustidagi yana bir o‘tish yo‘li) rossiyaliklar 24 fevral kuniyoq egallashgandi - aynan shu yerdan Shimoliy-Qrim kanali boshlanadi, bu kanal yo‘lini ochish Rossiyaning asosiy maqsadlaridan biri edi.
Rossiya guruhi qurshovga tushishi mumkin
Ukraina qurolli kuchlari Antonov ko‘prigiga ilk zarbani 19 iyul kuni yo‘lladi, keyingi kuni zarbalar takrorlandi, rossiyaliklar tomonidan tayinlangan mahalliy rasmiylar esa o‘tish yo‘lini to‘sib qo‘yishga to‘g‘ri kelgani haqida ma’lum qilishdi.
«Biz transport qatnovini to‘xtatib turamiz. Xerson shahriga Dnepr orqali o‘tish uchun boshqa yo‘lni topamiz. Shahar chap sohil bilan aloqasiz qolmaydi», degan Rossiya mediasi vakillari bilan suhbatda Xersonning «yangi hukumati» vakili Kirill Stremousov.
Undan avvalroq Nova Kaxovkadagi GES o‘qqa tutilgani ma’lum bo‘lgandi.
«Antonov ko‘prigi va Nova Kaxovkadagi ko‘prik - bog‘lash nuqtalaridir, rossiyalik harbiylar o‘ng sohilda harbiy harakatlar olib borishi ushbu nuqtalarga bog‘liq. Rossiya armiyasi bu ikki magistral orqali Mikolayiv hamda Krivoy Rogga tahdid solib turadi», deya izohlaydi ukrainalik harbiy korrespondent Yuriy Butusov o‘z kanali «Butusov+» efirida.
«Ko‘priklar vayron qilingach, dushman o‘ng sohildagi harbiylariga pontonlar orqali ta’minot yetkazib berishi juda qiyin bo‘ladi. Bu juda xavfli, shu bilan birga, pontonlarning o‘tkazish quvvati ancha past. Shu tariqa, ukrain qo‘shinlari yanada faolroq harakat qilib, Xerson oblastining o‘ng sohildagi qismini ozod qilish hamda Xerson va Nova Kaxovka shaharlariga yaqinlashish uchun qulay sharoit hosil bo‘ladi», deya qo‘shimcha qilgan Butusov.
Janubiy yo‘nalishda xizmat qilayotgan ukrainalik ofitser anonimlik asosida BBC bilan suhbatda hozirda Antonov ko‘prigini to‘sib qo‘yish muhimligini tasdiqlagan.
«Agar Nova Kaxovkani ham kesib qo‘ysak - rossiyaliklarning butun guruhi qopga tushadi. Ular logistikasiz tamom bo‘ladi. Ular qurshovga tushib qolish xavfini tushunib turishibdi va pontonlarni olib kelishmoqda. Ammo pontonlar - juda ko‘p vaqt oladi. Qolaversa, agar biz ko‘prikka yetib borsak, pontonlarni o‘qqa tutish yanada oson bo‘ladi», degan harbiy.
Rossiyaliklar mart oyida Xersondagi guruhni Qrimdan aviatsiya orqali ta’minlash uchun Chernobayevka aerodromiga katta umidlar bog‘lashgandi, ammo aerodrom ukrain harbiylarining tinimsiz zarbalari ostida qolgach, ko‘priklarga boshqa muqobil qolmadi.
«Ularga Chernobayevkaga uchib kelish uchun bir necha daqiqa yetarli edi. Ularning asosiy aerodromi Chaplinkada», deya qo‘shimcha qilgan ofitser. Chaplinka - daryoning chap sohilida, Xerson shahridan 70 km janubi-sharqda, Rossiya armiyasi frontortida joylashgan.
Harbiy sharhlovchi va publitsist Mixail Jiroxov BBC bilan suhbatda ukrain armiyasi uchun temiryo‘l ko‘prigini bloklash ham muhimligiga e’tibor qaratadi.
«Antonov ko‘prigi va Nova Kaxovka dambasi haqida gapirganda, temiryo‘l ko‘prigi haqida ham unutmaslik kerak - hozirgi sharoitda rossiyaliklar uchun bu yo‘lning ahamiyati oldingi ikkisinikidan ko‘ra muhimroq bo‘ladi, ma’lumki, Rossiya armiyasi logistikasi birinchi navbatda temiryo‘llar orqali tashishga tayanadi», deydi u.
Aylanma yo‘l
Antonovdagi ko‘priklar (avtomobil va temiryo‘l) blokirovkasi - Nova Kaxovkadagi damba butun tursa ham - Rossiya armiyasining Xersondagi garnizoni taqdirini xavf ostida qoldiradi.
Bu holda logistika Dneprning o‘ng sohilida yana 70 kilometrga uzayishidan tashqari Rossiya armiyasi ta’minotida yangi muammolar ham paydo bo‘ladi.
Chunki aylanma yo‘l yana bir daryo - Ingulets orqali o‘tadi. Bu daryo ustida faqat bitta ko‘prik bor. Va Darevka qishlog‘i hududidagi bu ko‘prik ham vayron qilinishi mumkin.
«Inguletsda o‘rnatiladigan pontonlarni «Himars»lar orqali buzib tashlash esa qiyin bo‘lmaydi», deya prognoz qiladi ukrain ofitseri.
Yo‘q qilishmi yoki zarba ostida ushlash?
Ko‘priklarni butunlay vayron qilish (shunchaki shikastlash emas), ayniqsa Antonov kabi yirik ko‘priklarni yo‘q qilish - reaktiv artilleriya uchun oson ish emas.
«Hozirda Ukraina qurolli kuchlari Antonov ko‘prigini butunlay yo‘q qilish uchun yetarli bo‘lgan o‘t ochish kuchiga ega emas. Biz so‘nggi kunlarda guvohi bo‘lgan zarbalar ko‘proq ogohlantirish xarakterida. Ko‘prikni chindan ham yo‘q qilish uchun 90 kilogrammli jangovar kallaklarga ega HIMARS emas, hatto «Tochka» emas, balki aviatsiya orqali 500 kilogrammli bombalar tashlanishi kerak bo‘ladi», deya qayd etadi Mixail Jiroxov.
«Hatto katta imkoniyatlarga ega rossiyaliklar ham faqat to‘rtinchi urinishda Odessa oblastidagi Zatoku orqali o‘tgan ko‘prikni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi, qolaversa bu zarbalar qanchalik samarali bo‘lganiga shubha bor», deya qo‘shimcha qiladi u.
«Shuning uchun, men o‘ylaymanki, bizning qo‘mondonligimiz ko‘prikni butunlay ishdan chiqarish muammo ekanini to‘g‘ri tushunadi va faqat uch ko‘prikni zarba ostida ushlab, ta’minotni to‘sishni rejalashtirgan», deya taxmin qiladi harbiy sharhlovchi.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich ham «Feygin Live» kanali efirida Ukraina qurolli kuchlarining maqsadi ko‘priklarni zarba ostida ushlab turish ekanini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Antonov ko‘prigini o‘qqa tutishdan maqsad uni yakson qilishga emas, u orqali o‘tuvchi «yuklar, qurollar, harbiy texnikalar va jonli kuchlar harakatiga to‘sqinlik qilish»ga qaratilgan.
«Albatta, temiryo‘l ko‘prigi va Nova Kaxovka qolmoqda, ammo biz ko‘rsatib qo‘ydik: yigitlar, bularning bari Ukraina qurolli kuchlari zarbasi ostida», deya izohlagandi Arestovich.
«Kaxovkada damba bor, uni osonlikcha vayron qilib bo‘lmaydi. Ammo u yerda harakatlanayotgan barcha narsani zarba nazoratiga olish mumkin. Nimadir harakatga tushsa - unga qarata zarba uchib boradi. Va harakatga tushishni istovchilar soni kamayib boraveradi. Eng asosiysi - bu ularning harakatini juda qiyinlashtiradi», deya qo‘shimcha qiladi maslahatchi.
Xersonlik jurnalist Ivan Antipenko esa Antonov ko‘prigiga yo‘llangan zarbalarning ramziy ahamiyati haqida yozadi: «Ukraina qurolli kuchlarining ko‘prik atrofidagi muvaffaqiyatli harakati va rossiyaliklar tarkibiga zarbalari jiddiy psixologik ta’sir ko‘rsatadi: okkupatsiya ostidagi odamlar Ukraina ularni tashlab qo‘ymaganini ko‘rishdi. Rossiya propagandasi bu haqda aldayotgani ahamiyatga ega emas».
Antonov ko‘prigi vayron qilinishi ukrain armiyasi Xerson oblastining Dnepr daryosi o‘ng sohilini to‘liq nazoratga qaytargan holda, chap sohilga o‘tishini qiyinlashtiradi.
Shu bilan birga, Rossiya armiyasi chekingudek bo‘lsa, baribir katta ehtimol bilan daryodan o‘tish yo‘llarini portlatib yuboradi.
«Albatta, Antonov ko‘prigini vayron qilishning minusi bor, uni keyin yana tiklash kerak bo‘ladi. Ammo yo‘lni uzib qo‘yishning plyuslari ko‘proq - bu rossiyaliklarni asirga tushishga olib kelish va Xersonni vayron bo‘lishdan saqlab qolish imkoniyatidir», degan janubda jang qilayotgan ukrain ofitseri.
Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak 21 iyul kuni tvitterda shunday yozgandi: «Antonov ko‘prigi - hozircha «ezgu niyat qadami» uchun aktual, bu shunga ishora qiladi: rossiyaliklar qo‘shini Xersonni o‘z ixtiyori bilan tark etishining ayni vaqti. Aks holda - doimiy zarbalar, tungi qo‘rquvlar, vahimali hujumlar va HIMARS. Imkoniyatlar doirasi torayib boradi, xuddi ukrain artilleriya zarbalari aniqligi kabi».
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024