Jahon | 14:45 / 25.07.2022
8955
3 daqiqa o‘qiladi

COVID-19: infeksiyani yuqtirib olganlar soni 570 milliondan oshdi 

Dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 570 million kishidan oshdi, sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha yevrokomissar yuqtirish holatlari sonining «xavfli o‘sishi» haqida ma’lum qildi.

Foto: DW

Dunyoda koronavirus infeksiyasi aniqlanganlar soni 570 194 340 nafardan oshdi. Buni 25 iyul, dushanba kuni Baltimordagi (Merilend shtati) Jon Xopkins universiteti tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlar tasdiqladi. Pandemiya boshlanganidan beri COVID-19 oqibatlaridan vafot etganlar soni 6 384 340 nafardan oshdi. 

20 milliondan ortiq odam kasallangan davlatlar ro‘yxatida AQSh yetakchilik qilmoqda (90 410 386).

Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha yevrokomissar Stella Kiriakidesning ta’kidlashicha, YeIga a’zo davlatlar yuqtirib olish sonining hozirgi «tashvishli o‘sishi» fonida kuz va qishda pandemiyaning yangi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashlari kerak. YeI komissari so‘zlariga ko‘ra, o‘zini o‘zi tinchlantirib o‘tirishga o‘rin qolmagan. «Afsuski, pandemiya sharoitida bir qator mamlakatlarda infeksiya holatlarining xavotirli o‘sishi kuzatildi», dedi u Kipr davlat radiosiga bergan intervyusida.

«Oxirgi ikki oy davomida biz pandemiyaning navbatdagi to‘lqini iqtisodiyotimiz va jamiyatimizga, ayniqsa, urush, Ukrainaga bosqinchilik va inflatsiya sharoitida yanada ko‘proq yuk bo‘lib tushishi kerak emasligini to‘liq anglab, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rdik», - dedi Kiriakides. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiya YeIga a’zo davlatlardan 60 yoshdan oshgan va aholining zaif guruhlarini buster emlashni tezlashtirishni so‘ragan. 

«Bu oylar tayyorgarlik bo‘ladi. Bizning sog‘liqni saqlash tizimlarimiz pandemiyaning yangi to‘lqinlariga tayyor bo‘lishi kerak, u, masalan, mavsumiy gripp bilan birlashishi mumkin», dedi u. 

Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax 21 iyul kuni Vashingtonga tashrifi chog‘ida yangi yuqtirish holatlarini kamaytirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmasa, COVID-19 yangi falokatli to‘lqini xavfi haqida ogohlantirdi. «Agar biz kuzni xuddi shunday boshlasak - qo‘shimcha himoya choralarisiz, niqoblarsiz, hamma narsasiz - bu yuqtirganlar soni keskin ko‘payishini va reanimatsiya bo‘limlari ortiqcha yuklanishini anglatadi», deya ma’lum qildi u dpa agentligiga. 

Nemis siyosatchisi epidemiyalarga qarshi yangi chora-tadbirlar zarurligini ta’kidladi. U tayyorlanayotgan aniq qadamlar haqida xabar bermadi, ammo turli idoralar, jumladan, Adliya vazirligi bilan maxfiy maslahatlashuvlarga ishora qildi. Joriy chora-tadbirlar 23 sentabrda tugaydi, shu vaqtgacha rasmiylar kasallanishlar sonini kamaytirish bo‘yicha yangi rejani qabul qiladilar, deya qo‘shimcha qildi Lauterbax. 

Mavzuga oid