O‘zbekiston | 14:40 / 26.07.2022
63672
4 daqiqa o‘qiladi

Gidromet havo harorati bo‘yicha odamlarga pasaytirilgan ma’lumot taqdim etmoqdami? 

O‘zbekistonda havo harorati keskin ko‘tarilib borarkan, odamlarda Gidrometeorologiya xizmati berayotgan ma’lumotlarga shubha bilan qarash kuchaygan.

Bu qarashlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ayni kunlarda 50-60 daraja issiq harorat kuzatilyapti-yu, Gidrometeorologiya xizmati odamlarni xavotirga solmaslik uchun haroratni 5-6 daraja pastroq qilib ko‘rsatmoqda. Yoki hukumat shu orqali turli to‘lovlardan qochmoqda.

Xo‘sh, chindan ham Gidrometeorologiya xizmatining rasmiy ma’lumotlari haqiqiy haroratni pasaytirib ko‘rsatish orqali e’lon qilinadimi?

Kun.uz muxbiri xizmat mutaxassislariga yuzlanib, vaziyatga oydinlik kiritish va buni aniq holatda dalillab berishni so‘radi.

Gidrometxizmat boshqarma boshlig‘i Qahramon Zohidov savollarimizga javob berarkan, avvalo odamlar orasidagi bunday fikrlardan yaxshi xabardorligini aytadi.

“Biz hozir ochiq maydon, ochiq havoda turibmiz. Bu quyosh nurlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri insonga ta’sir qilishi hisoblanadi. Bu insonlardan tashqari avtomobillarga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi. Lekin havo haroratini o‘lchashning ham o‘z tasdiqlangan qoidalari bor. Ya’ni avtomobillarga o‘rnatilgan termometrlar havo haroratini tabiiy usulda o‘lchamaydi.

Havo haroratini to‘g‘ri o‘lchash uchun Selyaninov budkasi nomli quti ichida o‘rnatilgan termometr ko‘rsatkichlari ma’lumotiga asoslanish kerak”, – deydi mutaxassis.

U bizga Selyaninov budkasi nima ekani borasida ham bir qator ma’lumotlarni bo‘lishdi.

“150 yildirki havo harorati 2 metr yuqoriga o‘rnatilgan shu kabi taxtali quticha ichidagi termometr ko‘rsatkichlari yordamida o‘lchanadi.

Bu quticha, “psixrometrik budka” yoki “meteorologik budka” ham deyiladi.

Budka 1,75 metrli qo‘zg‘almas, mustahkam temir tayanchlari ustiga o‘rnatiladi. Budka ichida vertikal ko‘rinishdagi termometrlar havo harorati qiymatini ko‘rsatsa, gorizontal holatdagi termometrlar sutka davomida kuzatilgan maksimal va minimal havo harorati qiymatlarini qayd etadi”, – deydi Zohidov.

Mutaxassisga ko‘ra, Gidrometeorologiya xizmati ob-havo ma’lumotlarini berishda faqat “psixrometrik budka” ma’lumotlariga asoslanmaydi. Bu borada respublikaning barcha nuqtalarida o‘rnatilgan avtomatik harorat o‘lchagichlar – meteostansiya ma’lumotlari bor. Rasmiy ma’lumotlar shu ikki o‘lchagichlar bergan ma’lumotdan kelib chiqib e’lon qilinadi.

Mutaxassisga ko‘ra, meteostansiya va “psixrometrik budka” ma’lumotlari bir-biridan deyarli farq qilmaydi.

«O‘zgidromet huzuridagi «Meteoinfokom» davlat muassasasi tomonidan Meteo monitoring - meteorologik kuzatuvlar Yagona portali sinov tariqasida ishga tushirildi. Mazkur portal orqali O‘zbekiston hududi bo‘ylab quyidagi meteorologik kuzatuvlarni real vaqt rejimida ko‘rish mumkin.

Real vaqt rejimida ob-havo ma’lumotlari – hududlardagi avtomatik meteostansiyalardan uzatilayotgan ob-havo ma’lumotlari;

Aero-meteorologik ma’lumotlar – respublikadagi mavjud 12 ta xalqaro aeroportlardagi real ob-havo ma’lumotlari;

Meteorologik radiolokator ma’lumotlari – Toshkent, Samarqand va Nukusdagi 200 km radiusdagi radiolokator ma’lumotlari;

Atmosfera ifloslanishi ma’lumotlari – respublikadagi mavjud atrof-muhit ifloslanishi ma’lumotlari. Shuningdek, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan 2 ta avtomatik atrof-muhit ifloslanishi stansiyasi ma’lumotlari;

Kosmo-meteorologik ma’lumotlar – sputnik orqali olinayotgan meteorologik ma’lumotlari;

Qor qoplami, suv kadastri va tabiiy xavfi yuqori bo‘lgan zonalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar

Aytish mumkinki, bu portal hozirda manzilida www.data.meteo.uz ishlamoqda”, – deydi boshqarma boshlig‘i.

Mavzuga oid