«Gazprom» «Shimoliy oqim» orqali gaz yetkazib berishni 20 foizgacha qisqartirdi
«Shimoliy oqim 1» orqali yetkazib berishni qisqartirgan Rossiya bir vaqtning o‘zida Ukraina va Slovakiya orqali o‘tadigan «Transgaz» gaz quvuri orqali yetkazib berish hajmini oshirdi, deb xabar berdi uning operatori.
Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi, avval e’lon qilinganidek, 27 iyuldan boshlab «Shimoliy oqim 1» gaz quvuri orqali Germaniyaga gaz yetkazib berishni o‘tkazish qobiliyatining 20 foizigacha qisqartirdi. 27 iyul, chorshanba kuni ertalab Deutschlandfunk telekanali efirida Federal tarmoq agentligi rahbari Klaus Myuller shunday dedi: «Hozirda biz e’lon qilingan qisqartirishning guvohi bo‘lyapmiz». Uning qo‘shimcha qilishicha, kun davomida idora ushbu hajmda gaz kelishini kuzatishini ham qo‘shimcha qildi.
Shu bilan birga, «Gazprom» Ukrainadan Slovakiya orqali o‘tuvchi «Transgaz» magistral gaz quvuri orqali yetkazib berish hajmini oldingi kunlarga nisbatan oshirdi, deb xabar berdi Eugas gaz quvuri operatori. Gaz quvurining Slovakiya qismi boshlang‘ich nuqtasi bo‘lgan, Ukraina bilan chegaradagi Velke-Kapushani shahrida 68,6 million kubometr gaz yetkazib berilgani e’lon qilingan bo‘lsa, bir kun avval bu ko‘rsatkich 36,8 million kubometrni tashkil qilgandi.
Dpa ma’lumotlariga ko‘ra, bu «Gazprom» «Shimoliy oqim 1» orqali Yevropaga yetkazib berilayotgan ta’minot hajmini qoplashga intilayotganidan dalolat beradi. «Transgaz» orqali yetkazib berish qo‘shimcha hajmlari taxminan ShO-1 orqali qisqartirilgan gaz miqdoriga to‘g‘ri keladi.
«Gazprom» 25 iyul kuni kechqurun «Shimoliy oqim 1» quvuri orqali gaz o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan «Portovaya» kompressor stansiyasi (KS)da Siemens gaz turbinali dvigatelining ta’mirlash ishlari tufayli ish to‘xtatilgani haqida bayonot berdi. Turbina to‘xtatilishi munosabati bilan «Shimoliy oqim 1» orqali Rossiya gazini yetkazib berish 27 iyuldan kuniga 33 million kubometrgacha qisqartiriladi, bu o‘tkazish qobiliyatining taxminan 20 foizini tashkil qiladi, deb bildirdi Rossiya konserni. Germaniya Iqtisodiyot vazirligi «ta’minotni qisqartirish uchun hech qanday texnik sabablar yo‘q» deb hisoblamoqda.
Iyun oyida «Gazprom» «Shimoliy oqim» quvuri orqali gaz yetkazib berish oqimini keskin kamaytirdi. Rossiya kompaniyasi buni Kanadadagi ta’mirdan so‘ng Siemens gaz turbinasi o‘z vaqtida qaytarilmagani bilan izohladi. 11 iyuldan 21 iyulgacha gaz quvurining ikkala tarmog‘i rejalashtirilgan ta’mirlash ishlari tufayli to‘xtatildi. Bundan tashqari, Germaniyadagi byurokratik kechikishlar tufayli «Gazprom» ta’mirlangan turbinani quvurga profilaktik ta’mirlash ishlari tugaguniga qadar ololmadi. «Shimoliy oqim 1» orqali iste’mol qilinadigan Rossiya gazi asosiy qismini oladigan Germaniya yetkazib berish qisqarishiga siyosiy sabablarni ko‘rsatgan.
Mavzuga oid
17:51 / 27.12.2024
O‘zbekiston qanday qilib yirik gaz eksportyoridan sof importyoriga aylandi?
14:37 / 27.12.2024
380 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan MChJ aniqlandi
12:29 / 27.12.2024
Toshkentda 316 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi
21:05 / 22.12.2024