O‘zbekiston | 16:53 / 29.07.2022
6166
2 daqiqa o‘qiladi

Texnikumlarda sirtqi hamda kechki ta’limni tashkil etish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalarida sirtqi hamda kechki ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizomlar tasdiqlandi.

Sirtqi va kechki ta’limga o‘quvchilarni qabul qilish:

  • sirtqi va kechki shaklda – boshlang‘ich professional, kasb-hunar kolleji, umumiy o‘rta (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus ma’lumot to‘g‘risidagi tegishli hujjatga;
  • ikkinchi va undan keyingi kvalifikatsiya(lar) berish sirtqi va kechki shaklida – bir kasb yoki mutaxassislik doirasida ikkinchi va undan keyingi kvalifikatsiya(lar)ni egallash uchun tegishli kasb yoki mutaxassislik bo‘yicha professional ta’lim olgani to‘g‘risidagi hujjatga ega shaxslar hisobidan amalga oshiriladi.

O‘quvchilarga o‘quvchilik guvohnomasi bepul beriladi. O‘quv semestri yakunigacha sirtqi ta’limda o‘qish mustaqil, shu jumladan, masofadan turib ta’lim olish shaklida amalga oshiriladi.

Kechki ta’limda esa o‘qish odatda kunduzgi smenadan keyingi vaqtda auditoriya mashg‘ulotlari (ma’ruza, amaliy, laboratoriya) shaklida hamda o‘quvchilarni asosiy ish joyidan ajralmagan holda mustaqil, shu jumladan, masofadan turib o‘qitish shaklida amalga oshiriladi.

Kechki ta’limda o‘qish (kunduzgi ta’limdan farqli ravishda) bir haftada, odatda, 4-5 kun amalga oshiriladi va haftalik o‘quv soati hajmi 20 soatdan oshmaydi. 

Sirtqi ta’lim o‘quvchilariga o‘quv sessiyasida ishtirok etishi, bitiruvchi bosqich o‘quvchilariga yakuniy davlat attestatsiyalaridan o‘tishi, bitiruv malakaviy ishini himoya qilishi uchun ishlab turgan joyidan kamida 30 kalendar kunlik o‘rtacha oylik maoshi saqlangan qo‘shimcha ta’til beriladi.

Mavzuga oid