Jahon | 08:43 / 29.07.2022
2429
3 daqiqa o‘qiladi

YeXHT Rossiyada inson huquqlari buzilishi holatlarini o‘rganadi

YeXHTga a’zo davlatlar «Moskva mexanizmi»ni ishga tushiradi, bu Rossiya o‘z fuqarolarining huquqlariga oid majburiyatlarini buzishi mumkinligi tufayli yuz beradi.

Foto: Reuters

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ga a’zo bo‘lgan 57 davlatdan 38 tasi Rossiyada inson huquqlari buzilishi holatlarini o‘rganuvchi maxsus ekspertlar guruhi tuzishni qo‘llab-quvvatladi, deb xabar qildi payshanba, 28 iyul kuni Fransiya TIV.

Qaror «Rossiyada so‘nggi yillarda ko‘plab cheklovchi va repressiv choralar qo‘llanilgani bilan ifodalangan inson huquqlariga doir xavotirli vaziyat tufayli» qabul qilindi, deyiladi idora xabarida. 

Qonunbuzilish holatlarini tekshirish uchun YeXHT «Moskva mexanizmi» deb ataladigan usuldan foydalanadi - bu usulga ko‘ra, tashkilot «Rossiyaning inson huquqlari va asosiy erkinliklari bilan bog‘liq hozirgi vaziyatga olib kelgan majburiyatlarini bajarish holatini baholaydigan va harakatlarni aniqlaydigan» 45 nafar mustaqil ekspertlar guruhini tanlaydi. Shu bilan birga, guruh tarkibiga sud jarayoni olib borilayotgan mamlakatning ham, jarayonni boshlagan mamlakatlarning ham ekspertlari kiritilmasligi kerak. 

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysning so‘zlariga ko‘ra, guruhning tashkil etilishi Rossiya rasmiylarining so‘z erkinligi va tinch yig‘ilishlarga qarshi harakatlariga, shuningdek, mamlakatda hibsga olingan odamlarning qiynoqlarga solingani haqidagi xabarlarga javob bo‘lgan. Guruh hisoboti sentabr oyida e’lon qilinadi. 

RFning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri YeXHTda «Moskva mexanizmi» uchinchi marta qo‘llanilmoqda - oldingi ikki guruh Rossiya tomonidan boshlangan harbiy harakatlar bilan bog‘liq xalqaro gumanitar huquqning buzilishi haqidagi hisobotlarni va Ukrainada rus qo‘shinlari tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlar haqida xabarlarni baholash uchun birlashtirilgan. Rossiyaning YeXHTdagi missiyasi bu mavzulardagi hisobotlarni «asossiz tashviqot» deb atadi va Rossiyadan kelgan delegatsiya tashkilotning so‘nggi yig‘ilishlarida ishtirok etmadi, chunki uning a’zolari urushni qo‘llab-quvvatlagani uchun sanksiyalar ro‘yxatida bo‘lgan. 

Shu bilan birga, o‘zini «DXR» va «LXR» deb e’lon qilgan hukumat vakillari YeXHT ekspertlari ishiga aralashdi – aprel oyida missiyaning bir necha a’zosi egallab olingan hududda hibsga olindi, bunga ularning mandati tugagani hamda Rossiya uni yangilashdan bosh tortgani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, kuzatuv missiyasi a’zolaridan biri Xarkivga Rossiya armiyasi tomonidan amalga oshirilgan raketa hujumi qurboni bo‘ldi. Shu bilan birga, YeXHT ma’ruzachilari Ukrainada gumanitar huquq normalari ham Rossiya, ham Ukraina qo‘shinlari tomonidan buzilganini ta’kidladilar. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid