O‘zbekiston | 17:44 / 04.08.2022
40717
7 daqiqa o‘qiladi

Musayev Burhonovning ma’ruzasiga e’tiroz bildirdi. Norboyeva masalani vazirlikda hal qilish kerakligini aytdi

Bugun, 4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Akmal Burhonov tomonidan taqdim qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzada keltirilgan raqamlarga sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev e’tiroz bildirdi.

Musayevga ko‘ra, bu yerda “katta raqam ortidan quvishdek kayfiyat” bor.

Akmalxon Eshondadayevich aytganidek, tizimda juda ko‘plab kamchiliklarga e’tibor berilgan. Lekin juda katta bir raqamlar qo‘yilib ketmoqda. Nima uchun 34-varaqdagi hisobotda sog‘liqni saqlash tizimida 50 milliard moliyaviy xato-kamchiliklar deyilyapti? 45-varag‘ida 56 milliard?

Shunday bir kayfiyat borki, bu katta raqamni ortidan quvishdek. Bir narsaga kelishib olishimiz kerak-da. Moliyaviy nazorat organidan olingan ma’lumotlar asosida tayyorlangan hisobot… Moliyaviy nazorat organi aniqladi, bu korrupsiyaviy holat bo‘ldimi yoki yo‘qmi? Buni hali sud isbotladimi yoki yo‘qmi?

395 ta davolash profilaktika muassasalarida… Bizning tibbiyot tizimida 500 mingdan ortiq xodim ishlaydi. Hozir tibbiyot sohasi eng korrupsion soha degan xulosa qilinyapti. Qani, shu 395 ta tashkilot. Biz ko‘rganimizdan beri shu ma’lumotlarning tagiga yetgimiz kelyapti. Qaysi tashkilotning o‘zida moliyaviy kamchilik aniqlanibdi? Shunday korrupsion holat bo‘lgan bo‘lsa, nega birorta kattaroq tibbiyot tizimining rahbari yoki boshqasiga nisbatan sud tomonidan qat’iy chora ko‘rilmagan? Demak, bu kamchiliklar hali kimningdir aktiga tushgan qog‘oz. Sudda o‘z isboti va dalilini topmagan faktorlar bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Bundan tashqari, shu 50 milliarddan 35 milliardi monitoring natijasida maqsadsiz xarajatlar o‘z vaqtida aniqlandi va iqtisod qilinishiga erishildi, deyilyapti. Bu hali korrupsion holat emas, shuni aniq aytishimiz kerak. Chunki hisobot, smeta va shtat ma’lumotlari o‘rganiladi, tekshiriladi. Buni bartaraf qilish maqsadida sog‘liqni saqlash, moliya va g‘aznachilik organlari birgalikda tekshirishni amalga oshiradi.

Shuning uchun, bitta taklifim bor. Avvalambor, bunday hisobotlarni yuqori darajaga chiqishidan oldin vazirlik bilan birma-bir ko‘rib chiqsak. Ana undan keyin yakuniy to‘xtamga kelgan raqamni olib chiqsak, menimcha to‘g‘riroq bo‘lardi.

Vazir sifatida gapirayotganim yo‘q, buning orqasidan butun umr shu sohada ishlab kelgan fidoyi xodimlar bor. Hozir butun ijtimoiy tarmoqlarda bir-ikki kundan beri eng korrupsion soha bu tibbiyot sohasi degan, fikrlar bor…

Shuning uchun ham mening iltimosim bo‘ladi… Biz hech qachon o‘zimizni ayblashga yoki oqlashga harakat qilmaymiz, bunday niyatimiz ham yo‘q. Lekin har bitta holat bo‘yicha oldin kelishib, ko‘rib olsak-da, kimningdir bergan ma’lumotiga tayanib, xulosa chiqarmasdan. Ana undan keyin chiqarsak [hisobotni]... – deya Behzod Musayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senat raisi Tanzila Norboyeva esa bu ma’lumotlarning asosi bo‘lmasa, Senatga olib chiqilmasligini, bu kabi masalalarda agentlik direktori bilan vazirlikda muhokama qilinishini ta’kidladi.

“Behzod Anvarovich, birinchidan bu yerda bu masalalarni ko‘tarishingiz noo‘rin. Men o‘ylaymanki, bu ma’lumotlarning hammasining tagida asosi bor. Unaqa bo‘ladigan bo‘lsa, asossiz narsa Senatning yalpi majlisiga olib chiqilmaydi, birinchidan.

Ikkinchidan, shuncha savolingiz bor ekan Akmal Burhonovni nima uchun Sog‘liqni saqlash vazirligiga oldinroq chaqirib, oldinroq mana shu masalalarni muhokama qilib, chora-tadbirlarni belgilamaysiz?

Bu yer adi-badi aytib o‘tiradigan auditoriya emas-da. Bizga bu yerda milliy ma’ruzani taqdim qilishi kerak, biz uni eshitib, o‘zimizning topshiriqlarni agentlikka berishimiz kerak. Hozir agar siz chiqib buni gapiradigan bo‘lsangiz, Xalq ta’limi vazirligi yoki boshqa vazirliklar chiqib gapiradigan bo‘lsa, bu boshqacha maydonga aylanib ketadi.

Shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurashish vazifasini har bir vazirlik o‘zining eng ustuvor vazifasi qilib belgilashi kerak. Mana shu agentlik [Antikorrupsiya agentligi] tuzildimi, oldiga chaqirib, birgalikda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishi kerak.

Raqamlar borasida savollar bo‘ladigan bo‘lsa, vazirlikka chaqirib o‘zinglar muhokama qilib olsanglar ham bo‘ladi,” – dedi Tanzila Norboyeva.

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani taqdim qilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov esa bu ma’ruza boshqa idoralar bilan ham hamkorlikda qilinganini ta’kidladi. Shuningdek, u ma’ruzaga jamoatchilikda shubha bo‘lmasligini so‘radi.

Bu milliy ma’ruza faqat agentlik tomonidan ishlab chiqilgan emas, balki korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralar bilan birgalikda tayyorlangan.

Bitta misolni keltiraman, keltirilgan yoki OAVlarda chiqayotgan ma’lumotlarga e’tibor beradigan bo‘lsangiz… Yaxshi, bu yildan boshlab mana 6 oylik yakunlari bo‘yicha, xursand bo‘lishimiz kerak, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi 2-o‘ringa tushdi. Bank tizimi birinchi o‘ringa chiqdi. Bu albatta vazirlik tizimida amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari [natijasi] deb o‘ylayman.

Lekin bir ko‘rayotgan statistika, aynan sudlar tomonidan ko‘rib chiqilib, hukm chiqarilgan ishlar bo‘yicha o‘tgan yili [2021 yil] Sog‘liqni saqlash vazirligi reytinglarda birinchi o‘rinni egallagan. Boshqa moliyaviy masalalar bo‘yicha ham aniqlangan kamchiliklar, faqatgina agentlik tomonidan emas, Moliya vazirligi, Hisob palatasi va boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan aniqlangan hamda xato va kamchiliklarning umumlashtirilgani hisoblanadi. Va albatta biz tayyormiz, birgalikda ishlashga.

Hozir bu yerda jamoatchilik ham ko‘ryapti, bu milliy ma’ruzaga shubha bo‘lmasligini so‘rardim. Bu milliy ma’ruzani biz mart oyida tayyor qilganmiz va vazirlik-idoralarga yuborganmiz”, – dedi Akmal Burhonov.

Mavzuga oid