Jahon | 20:27 / 05.08.2022
26318
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Ozarboyjonning Londondagi elchixonasiga qilingan hujumni qoraladi

4 avgust kuni Ozarboyjonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasiga radikal diniy guruh a’zolari bostirib kirdi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi buni qoralab, qardosh mamlakatni qo‘llab-quvvatlashi, dipmissiyalar xodimlariga nisbatan har qanday tahdidni mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Foto: Twitter

4 avgust kuni Ozarboyjon Respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchixonasiga bir guruh namoyishchilar tomonidan hujum uyushtirildi.

Bu haqda xabar olgan mahalliy politsiya soat 16:30 atrofida voqea joyiga yetib borgan. Jabrlanuvchilar yo‘qligi, 8 kishi qo‘lga olingani aytilmoqda. Ular elchixona binosiga noqonuniy tarzda kirish va binoga zarar yetkazishda ayblanyapti.

Ingliz OAVga ko‘ra, hujumni “Mahdiy xizmatchilari uyushmasi” nomli shialarning radikal guruhi a’zolari uyushtirgan. Internetda tarqalgan videolarda ular elchixona ayvonida diniy bayroqlarni silkitayotgani, arab tilidagi shiorlar yozilgan plakatlar ko‘targani va Ozarboyjon bayrog‘ini yirtib tashlayotgani ko‘rinadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hujumni qat’iy qoralab bayonot chiqardi.

“Diplomatik vakolatxonalar xodimlarining hayoti va salomatligiga tahdid soladigan har qanday xatti-harakatlarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz.

Hodisani har tomonlama tekshirish va barcha aloqadorlarni javobgarlikka tortishga chaqiramiz.

O‘zbekiston tomoni qardosh Ozarboyjonni xorijdagi fuqarolarining xavfsizligi va himoyasini ta’minlashda qo‘llab-quvvatlashini bildiradi”, – deyiladi TIV bayonida.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid