O‘zbekiston | 14:51 / 05.08.2022
17602
1 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi paxta xomashyosi minimal narxlarini e’lon qildi

Jahon bozorida shakllangan narxlar, mas’ul etib belgilangan vazirlik va idoralar takliflarini inobatga olgan holda O‘zbekistonda yetishtirilgan 1 tonna paxta xomashyosining minimal narxlari ma’lum qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, o‘rta tola navli paxta xomashyosi minimal narxi QQS bilan birga 10 025 ming so‘mni, 1 tonna ingichka tola navli paxta xomashyosi minimal narxi QQS bilan birga 15 120 ming so‘mni tashkil etdi.

Tavsiya etilayotgan minimal narxdan kelib chiqqan holda paxta xomashyosini yetishtiruvchi va uni qabul qiluvchi sub’yektlar shartnomaviy munosabatlar doirasida paxta xomashyosi narxlarini o‘zaro manfaatli kelishuv asosida mustaqil ravishda belgilaydi.

Bildirilishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga jahon bozori narxlari tahlilidan kelib chiqib, paxta xomashyosi minimal narxlarini e’lon qilish vazifasi yuklatilgan.

Mavzuga oid