Jahon | 08:34 / 05.08.2022
9203
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Yanukovich va uning o‘g‘liga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi

Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich va uning o‘g‘li Aleksandrga Ukraina «hududiy yaxlitligiga putur yetkazish yoki unga tahdid solishdagi roli» uchun cheklov choralari qo‘llanildi, deya xabar berdi YeI kengashi.

Foto: TASS

Yevropa ittifoqi Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich va uning o‘g‘li Aleksandrga qarshi «RFning Ukrainaga qarshi davom etayotgan asossiz harbiy agressiyasiga javoban» yangi sanksiyalar kiritdi. Tegishli huquqiy hujjatlar 4 avgust, payshanba kuni YeI rasmiy jurnalida chop etildi. 

YeI kengashi Yanukovich va uning o‘g‘lini «Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga, mamlakat barqarorligi va xavfsizligiga putur yetkazish yoki unga tahdid solishdagi roli uchun» cheklov choralari qo‘llaniladigan shaxslar, tashkilotlar va organlar ro‘yxatiga qo‘shdi. Bundan tashqari  Aleksandr Viktorovich Yanukovich «Donbassdagi ayirmachi guruhlar bilan bitimlar amalga oshirgani uchun» sanksiyaga duchor bo‘ldi, deyiladi bayonotda. 

Hujjatda qayd etilishicha, Viktor Yanukovich 2010-2014 yillarda Ukraina prezidenti bo‘lib, «rossiyaparast siyosat» olib borgan, hokimiyatdan chetlashtirilgach esa Rossiyaga ko‘chib o‘tgan u yerdan «Ukrainani beqarorlashtirishga qaratilgan faoliyatini davom ettirgan». Aleksandr Yanukovich, YeI ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev nazorati ostida bo‘lmagan Donbass hududida tijorat faoliyatini, xususan, energetika, ko‘mir, qurilish, bank va ko‘chmas mulk sohalarida olib boradi hamda «rusparast ayirmachilar bilan yaqin aloqalarga ega». 

Avvalroq Yanukovich va uning o‘g‘li Ukraina davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va talon-toroj qilish ayblovlari bo‘yicha YeI sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi. 

Mavzuga oid